AQShning Michigan shtatida 13 odam demokrat gubernatorni o’g’irlash uchun fitnada ayblanib hibsga olingan. Koronavirus pandemiyasi sabab ishidan ayrilgan ayrim fuqarolar aprel-may oylarida norozilik namoyishlariga chiqqanida gubernator ayol Gretchen Vitmerni vakolatini suiiste’mol qilganlikda ayblagan edi. Ba’zilar hatto shtat ma’muriyati binosiga qurol bilan kirgan edi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Biz namoyishchilarni hukumatdan himoya qilish uchun qurol bilan chiqdik”, - degan edi ular.
Hibsga olingan 13 odamning ba’zilari o’ng qanot siyosiy guruhlar karantinga qarshi uyushtirgan namoyishlar va tadbirlarda bir necha bor qatnashgani ma’lum, deydi davlat siyosati bo’yicha tadqiqot olib boruvchi guruh rahbari Liza Greyvz.
“Yaxshi uyushgan guruhlar kichikroq o’ng qanot guruhlarga oyoqqa turishga yordam bermoqda. Ular huquq-tartibot idoralari buyruqlariga bo’ysunmaslikka chaqirib, mahalliy hukumatni zulmda ayblamoqda. Nafaqat ular, balki AQSh prezidenti ham. Bunday gaplar zo’ravonlikka moyil odamlarni ruhlantirishi mumkin”, - deydi mutaxassis.
Gubernator Vitmer Prezident Donald Trampni odamlarda mahalliy hokimiyatga nisbatan ishonchsizlik va g’azab hissini uyg’otishga uringanlikda aybladi. Tramp zo’ravonlikka qarshi ekanini, gubernator ishini uddalay olmayotganini aytdi.
Hibsga olinganlardan yetti nafari “Facebook” orqali odam yollab, aloqada bo’lgan hukumatga qarshi guruh a’zolari ekani ma’lum. “Facebook” Federal qidiruv byurosini guruhning gijgijlaydigan bayonotlari haqida xabardor qilgan. Siyosiy tadqiqotchi Joan Donovanning aytishicha, ijtimoiy sahifalar doim ham tahdidlarga bas kela olmaydi.
“Qo’poruvchilik rejalari ustida ishlayotgan boshqa guruhlar mavjud. Agar aloqa vositalarini yo’lga qo’ygan kompaniyalar axborot oqimini nazorat qilishga ojizlik qilsa, jamoatchilik katta tahdid ostida deyavering”, - deydi Garvard universiteti qoshidagi Matbuot, siyosat va davlat siyosati markazida tadqiqot direktori.
Joriy yilda AQShda irqchilikka qarshi namoyishlar ham bo’lib, talon-taroj, mulkka zarar yetkazish, qarshi tomon namoyishchilari bilan to’qnashuvlar kuzatilgan.
FBR direktori Kristofer Rey yaqinda Kongressda o’tgan tinglovda ekstremizm xavfi haqida gapirdi.
“Aksariyat namoyishlar tinch o’tgan bo’lsa-da, namoyishlar paytida jinoiy harakatlarga qo’l urgan ayrim shaxslarga qarshi jinoiy ishlar qo’zg’atildi. Bu odamlarning ba’zilari tarqoqlik urug’larini sochish va isyon ko’tarishga qaratilgan zo’ravon ekstremistik dasturlarga amal qiladi”, - degan edi Rey.
Federal qidiruv byurosi noyabrda bo’ladigan prezident saylovlari xavfsizligini ta’minlashga harakat qilarkan, odamlarni saylovga doir jinoyatlar va saylovchilarni qo’rqitishga doir gumonlari haqida xabar berishga undamoqda.