Ko’plar bashorat qilganidek, g’olib saylov oqshomida aniqlanmadi. Bayden hozircha oldinda, ammo 10 dan ortiq shtatlarda ovozlar hali ham hisoblanmoqda, aksariyatida Tramp kichik ustunlik bilan peshqadam.
Your browser doesn’t support HTML5
“Amerikada kuchli, sog’lom, yaxshi uyushgan demokratik institutlarning borligi jarayonning silliq o’tishini ta’minlaydi, bunga aminman”, - deydi vashingtonlik bir saylovchi.
Saylovchilarning 100 milliondan oshig’i koronavirus sabab erta ovoz berishga ulgurgan. Saylov uchastkalari jamoat markazlari, cherkovlar, masjidlar, maktablarda tashkillashtirildi.
“Ovoz berish huquqimiz orqali o’zgarishlarga turtki bera olamiz”, - deydi Los-Anjelesda saylovga chiqqan bir ayol.
G’alaba uchun nomzodlar Saylov kollegiyasining kamida 270 ta ovozini qo’lga kiritishi kerak. Har bir shtat muayyan saylov kollegiyasi ovozlariga ega. Ularning soni esa shu shtatning Kongressdagi vakillari miqdoriga teng.
“Hozircha nomzodlar imkoniyati teng. 2016-yilgi ssenariy takrorlanadiganga o’xshaydi. O’shanda ham saylov taqdirini Viskonsin, Michigan va Pensilvaniya shtatlari hal qilgan edi”, - deydi Jorj Meyson universiteti professori Jeremi Mayer.
Bu shtatlar odatda demokratlarga ovoz beradi, biroq 2016-yilda Trampni tanlashgan. Saylovdan oldin har ikki nomzod bu shtatlarda tashviqotni kuchaytirgan edi.
Demokratlardan nomzod Jo Bayden Delaver shtatidagi uyidan tarafdorlarini sabrli bo’lishga chaqirdi.
“Umidingizni uzmang. Biz albatta g’alaba qilamiz. Rahmat!” – dedi Bayden.
Tramp Oq uydan javob berdi.
“Biz g’alaba qilamiz. Aslida g’alaba qozondik ham”, - dedi Tramp.
G’olib aniqlanmagan shtatlarda ovozlar hisoblanarkan, saylov natijasini e’lon qilishga bir necha kun ketishi mumkin.
“Pandemiya sabab ko’p odamlar sirtdan ovoz berdi. Bu esa ovozlarni hisoblash jarayonini sekinlashtiradi”, - deydi Ogayodagi Otterbayn universitetidan Latris Vashington.
Ayrim mutaxassislar ba’zi shtatlarda ovozlar qayta hisoblanishini yoki yuridik tortishuvlar sabab jarayon yanada cho’zilishini bashorat qilmoqda.
AQShdagi saylov dunyo diqqat markazida bo’ldi, chunki uning natijasi xalqaro siyosatga ta’sir qilishi tabiiy.
Moskva Davlat xalqaro aloqalar instituti dotsenti Ivan Timofeyev va umuman, rossiyalik siyosatchilarning aytishicha, AQShda prezidentlikka kim kelishidan qat’i nazar, ikki tomonlama munosabatlarda katta o’zgarishlarni kutmaslik kerak.
“Kremlning saylovdan umidi katta emas. Rossiya hukumati va siyosiy institutlari har qanday prezident bilan ishlashga tayyor”, - deydi Timofeyeev.
Amerika saylovidagi mavhumlik Yevropani xavotirga solmoqda.
"Yevropa rahbarlari bunday mavhumlikka tayyor turgan. Ularga bu holat yoqmaydi”, - deydi AQShning Marshall jamg’armasi vitse-prezidenti Ian Lesser.
"AQShning xalqaro siyosatdagi pozitsiyasi Yevropani o’z salohiyatini oshirishga undashi kerak. Kelajak siyosat haqida gapirganda Yevropa suverenitetiga e’tibor berishimiz kerak. Qoidalarga asoslangan dunyo tartibini shakllantirish zarur. Buning uchun ko’p qirrali siyosatni targ’ib qilish lozim”, - deydi Germaniya vitse-kansleri va moliya vaziri Olaf Sholts.