6-iyundan boshlab Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlarda Yevropa parlamenti saylovlariga start berildi. Kuzatuvchilar saylov natijalari tashkilot doirasida demokratiya holatini shakllantirishini, ittifoqning global rolini, jumladan Ukrainadagi rolini belgilashini aytadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Minglab nomzodlar orasidan 720 kishi qit’a parlamentiga saylanadi. Asosiy saylov 9-iyun kuni 20 ta mamlakatda o’tkaziladi.
Fransiyada millatchi siyosatchi Marin Le Penning muxolif “Milliy uyushma” partiyasi 33 foiz bilan g’alaba qozonishi bashorat qilinmoqda. So’nggi ommaviy so’rovlarda qatnashgan odamlarning 15 foizi Prezident Emmanuel Makronning “Uyg’onish” partiyasiga, 13 foizi sotsialistlarga ovoz berishini aytgan.
Kuzatuvchilar Marin Le Pen Yevropa parlamentiga saylovlarni Fransiyada Makronga qarshi referendumga aylantirishga muvaffaq bo’lganini ta’kidlaydi.
Niderlandiyada saylov 6-iyun kuni boshlangan, 4 kun davom etadi. Bu mamlakatda Yevropa Ittifoqiga ishonchsizlik kuchaymoqda, ittifoqqa qarshi ultra millatchi partiyalar obro’si oshib bormoqda.
Biroq shunga qaramay, deydi Leyboristlar partiyasi sardori Frans Timmermans, ekzitpol natijalariga ko’ra Yevropa Ittifoqiga xayrixoh partiyalar yaxshi natija ko’rsatmoqda.
Ular Yevroparlamentda sakkizta, millatchi siyosatchi Girt Vildersning “Ozodlik” partiyasi esa yettita o’rin olishi bashorat qilinmoqda. Bu “Ozodlik” uchun katta yutuq bo’ladi, chunki oldingi parlamentga undan faqat bir kishi kirgan edi, xolos.
Polshaning Yashillar partiyasi Yevropa parlamentiga yagona nomzod ko’rsatgan.
“Bilimlarim parlamentda kerak bo’ladi deya ishonaman. Yaxshi kelishuvlarga muzokara orqali erishish yo’llarini bilaman, idoralar qanday ishlashidan xabardorman”, - deydi Joanna Kaminska.
U va unga ko’ngilli sifatida yordam berayotgan tarafdorlari bu galgi saylov Yevropa kelajagi uchun muhim ekanini saylovchilarga yetkazishga urinmoqda.
“Progressiv qarashlarga ega partiyalar o’rtasida Yevropaga xayrixoh integratsion hamkorlikni yo’lga qo’yishimiz kerak. Yevropa Ittifoqini kuchaytirish, Yevropa qadriyatlarini himoya qilishimiz kerak”, - deydi nomzod.
Germaniya parlamentining sobiq deputati Viola fon Kramon Yevropa parlamentiga ikkinchi muddatga saylanishga urinmoqda.
“Saylovdan maqsad demokratiyani, Yevropa xavfsizligini himoya qilish. Tashqi siyosat muhim. Urush bo’lyapti. Ukrainani qo’llab-quvvatlash kerak”, - deydi deputat.
Yevropa Tashqi aloqalar kengashi va boshqa tahlil markazlarining bashorat qilishicha, bu yilgi saylovda radikal millatchi partiyalar ko’proq ovoz olishi, sentrist va yashillar esa o’rinlar boy berishi mumkin.
Italiyaning “Italiya birodarlari” hukmron milliy-konservativ partiyasi Yevroparlamentda kattaroq rol o’ynashga umid qilmoqda.
“Hokimiyatga populist hukumatlar va siyosatchilar kelmoqda. Agar bunga to’siq qo’ymasak, ertami-kech, Yevropa Ittifoqi deb ataluvchi loyiha tarqoq va mo’rt bo’lib qolishi mumkin”, - deydi Polshada asoslangan “Res Publica” jamg’armasi vitse-prezidenti Magda Yakubovska.
Tashkilot Rossiyani immigratsiya va byudjet sarfiyatlari kabi munozarali mavzular yuzasidan dezinformatsiya orqali saylovga ta’sir qilish harakatida ayblaydi.