Elektr tokida yuradigan mashinalar ko'payadi

  • Amerika Ovozi

Acura NSX rusumidagi elektrik mashina, Xitoy

Elektr tokida yuradigan mashinalarga talab oshib bormoqda. Ularni zaryadlash stansiyalari ko’paymoqda. Texnologiya takomillashishda davom etayapti.

Xitoy bu mashinalar uchun ulkan bozor. Hukumat nazarida elektr ulovlar ekologik jihatdan katta muammolar bilan yuzlashayotgan mamlakat uchun ayni muddao.

Kelasi yildan boshlab yangi talablar qo’yiladi: Xitoyda avtomobil ishlab chiqaruvchilar o’z mahsulotining kamida sakkiz foizini elektrda yuradigan qilishi kerak. Sanoat egalari bunga tayyor.

Shanxaydagi avtoko’rgazmada bo’ldik.

“Elektr mashinalar Xitoyda millionlab xaridor topadi. Mahsulotlarimiz bu jamiyat uchun mo’ljallangan. Ayniqsa “ID BUZZ” modeli aynan shu bozor uchun ishlab chiqariladi. Bu muhim”, - deydi Gerbert Days, "Volkswagen" avtokompaniyasi rahbari.

Yangi zamon mashinalari Xitoydagi yarmarkada

Biroq xaridordan so’rasangiz, u bu mashinani sotib olishga shoshmayapti. Xitoymi yoki Amerika, odamlar oddiy savollar bermoqda.

“Yaqinlarim, do’stlarim ko’p. Birortasi bu mashinada yurmaydi. Men ularnikiga borsam, avtomobilimni qayerda zaryadlayman. Uning elektr tokini ishlatamanmi? Hovlingga kirib kelayapman, qayerga ulay, deymanmi?” - deydi Sanita Halaz, osiyolik suhbatdosh.

Bu aslida jiddiy masala, deydi ekspertlar. Batareyani to’ldirish yo’llarini ko’paytirish zarur. Toksiz hech narsa qila olmaysiz.

Zaryadlash juda sekin jarayon. Bakni benzinga to’ldirish bilan qiyoslay olmaysiz. Quvvatlanish stansiyalarida soatlab turishga to’g’ri keladi. Ularni ko’paytirishmoqda lekin batareya yaxshilanishi kerak.

Xitoy bozorlarida

“Tesla” tezlikda zaryadlaydigan markazlarini bu yili 10 mingga yetkazmoqchi. Boshqalar ham shu yo’ldan ketmoqda.

Lekin batareya umrini uzaytirish eng dolzarb vazifa.

“Elektr mashinalar bilan bog’liq asosiy boshog’riq ularning batareyasidir. Bu mahsulotni ishlab chiqaradiganlar kam. Iqtidor, sarmoya va texnologiya zarur. Haqiqatda mo’jizakor qadamlar tashlash lozim”, - Shu Liuping, Xitoydagi yirik kompaniyalardan biri "Changan" rahbari.

Ungacha esa gibrid mashinalar bozorning guli. Benzinda ham, elektrda ham yuradigan ulovlar. Biri tugasa, ikkinchisiga o’tasiz.

Xitoyda avtoyarmarka