Hujjatli fotografiya ustasi Elyor Nematov bilan suhbat

Elyor Ne'matovning Nyu-Yorkda ko'rsatilayotgan ijod namunalari Rossiyada ishlayotgan o'zbekistonliklar va ortda qolgan oilalar hayotini aks ettiradi (I'm a foreigner - Elyor Nematov/Getty Images)

Getty Images xalqaro foto agentligi nazarida O’zbekistondan chiqqan fotograf Elyor Nematov xalqaro maydonda yetishib kelayotgan kuchli iste’dodlardan biri. Kompaniya hozirda bu yigitning ijodini o’z saytida ko’z-ko’z qilmoqda. Shu kunlarda Nyu-Yorkda ochilgan ko’rgazmadan ham Elyor Nematovning “Men chet ellikman” (I'm a foreigner) deb nomlangan foto kolleksiyasi o’rin olgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Hujjatli fotografiya - Elyor Nematov bilan muloqot - Navbahor Imamova

Elyor Buxoro farzandi. Bu viloyatning Vobkent tumani, Vobkent shahrida katta bo'lgan.

"Grafik rassomman aslida. Buxoroda dokumental fotograflar markazi bor, o'sha yerda bu soha bilan shug'ullana boshlaganman",- deydi u "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

O’n yildirki, fotografiyaning shu janrida ijodda. Rossiyada yashadi, so’ngra Qozog’istonda. Hozir esa Qirg’izistonda istiqomat qiladi.

"Sababi oddiy: turmush o'rtog'im Qirg'izistondan. Kimdir ko'chishi kerak edi. Mana uch yildirki Bishkekda yashayapmiz".

Elyor jamiyatshunoslik yo’nalishida ham diplomga ega. Rossiyaning Krasnodar o’lkasidagi Kuban davlat universitetini bitirgan.

Dokumental fotografiya, deydi Elyor, faktlarga, haqiqatga asoslangan san’at va shunisi bilan uni o’ziga tortgan.

"Menimcha, fotografiyaning boshqa janrlari orasida aynan dokumental fotografiya hayotni asl holda, qanday bo'lsa shunday ko'rsata oladigan janr. Maqsadi va vazifasi ham shu. Jamiyatdagi mavjud muammolarni yorita oladigan janr bo'lgani uchun menga judayam yoqadi", - deydi Elyor.

Hujjatli fotografiya haqiqiy manzarani aks ettiradi lekin voqelikka siz fotograf nazari bilan qaraysiz. Shaxsiy yondashuv ijodning ajralmas qismi, deydi suratkash.

"Ijodkorning nuqtai nazari shaxsiy chunki haqiqatni faqat Olloh bilad. Haqiqatni har kim o'zicha biladi lekin butun haqiqat xudoga tegishli. Lekin men aytmoqchi bo'lgan g'oya bunda emas... Har qanday san'at aniq narsaga asoslangan holda ma'lum bir ijodkorning tasavvuri bilan boyitilgan. Shuning uchun ham dokumental fotografiya faktlarga qanchalik asoslanmasin, u baribir mening shaxsiy nuqtai nazarim... Lekin mening nuqtai nazarim bilan haqiqat o'zgarib qolmaydi. Shunisi bilan qiziq. Agar men u yoqdan bu yoqqa yugurib, duch kelgan narsani suratga olib, chop etaversam, bu hech kimga qiziq bo'lmaydi, u hech kimning yuragiga yetib bormaydi!"

Elyor ijodkor sifatida mutlaq xolislikka ishonmaydi. Xolislik bag’oyat serqirra tushuncha. Gap asosda va o’sha asosning mohiyatida. Haqiqiy ijodkor adolatparvar odam, xolislik ortida esa adolat turishi kerak, deya izohlaydi u.

"Xolislik bo'lishi kerak, lekin uning qandaydir nuqtai nazari bo'lishi kerak. Va bu nuqtai nazar qandaydir adolatga asoslangan bo'lishi kerak. Mutlaq nuqtai nazari bo'lmagan fotografiya bu fotografiya emas. Qandaydir hissiyotsiz suratga olingan surat yoki proyekt deyishimiz mumkin uni".

Elyorni tanitgan asarlar Rossiyaga ketayotgan o’zbekistonliklar, ular yuzlashadigan qiyinchiliklar va ortda qolgan oilalar oldidagi mashaqqatlarni aks ettiradi. Fotografning yaqinlari ham Rossiyada mehnat qilgan. Hozir o'zi oilasidan kimdir yo qarindoshi, juda bo'lmasa, tanishi Rossiya, Qozog’iston yoki boshqa yurtda ishlamayotgan odamni topish qiyin.

Migrantlikka yetaklayotgan sabablar aniq va dolzarb, deydi Elyor, biroq uning o’zi manzaraga sal boshqacha qaraydi.

"Biz faqat ularga emas, ular ham bizga muhtoj deb hisoblayman. Agar bizdek mehnatkash xalq vakillari u yerda bo'lmaganida balki Rossiyaning ko'p tomonlama rivojlanishi sustlashar edi. Bu narsa men uchun judayam muhim. Ikkinchidan, mana shu borib-kelish jarayonida odamlar ko'p narsa o'rganadi. Bu tabiiy. Madaniy almashinuv ro'y beradi. Bu ijobiy hol... Shu bois ham uning qoralanishi yoki tanqid qilinishini istamas edim. Chunki tanqid qilish, qoralash juda oson va juda oddiy hissiyot. Yomon ko'rish oson, buni hayvon ham his eta oladi. Biz esa odam sifatida vaziyatni chuqurroq his eta olishimiz kerak. Men mana shuni uyg'otishga harakat qilaman. Bu mavzu oq-qora ranglarda tasvirlanishini xohlamayman. Mening ishimni ham shunday tushunishlarini xohlamayman",- deydi suhbatdoshim.

"Men chet ellikman" foto ko'rgazmasidan

Ijodkorning kuchi odamlarni o’ylantira olishida. Asar ularga ozmi ko’pmi ma’naviy oziqa bera olsa, manzara mohiyatini ular anglay olsa, shuning o’zi Elyor uchun katta baxt.

U yaqinda Virjiniya shtatida xalqaro foto festivalda qatnashib, o’z ijodini namoyish etdi. Nufuzli axborot vositalari vakillari va aynan hujjatli suratlar olamini tebratadigan ustalar bilan muloqot qildi.

Inson dardi buyuk. Har bir shaxs o’ziga xos bir olam, murakkab. O’z dardini tushuntirib bera olish shijoat, matonat va eng muhimi chuqur bilim talab qiladi. Shu jihatdan, deydi Elyor, fotografiya orqali boshqalarning dardini keng jamoatchilikka yetkaza olish o’ta mashaqqatli ish.

Har bir sohaning o’z tamoyil va me’yorlari bor. Elyor odamlarni yaqindan suratga oladi, ular turmushining ikir-chikirlarini tasvirga tushiradi. Bildirmay olmaydi, har bir qahramon nima bo’layotganidan xabardor. Kameraning bu qadar yaqin kelishiga odamlarni qanday ko’ndirasiz deya so’rayman suhbatdoshimdan.

"Asosiy vaqtim suratga olishga emas, suratga oladigan odamni topib, uni rozi qilishga ketadi... Ba'zan 1-2 hafta vaqt ketadi bitta hikoyani boshlash uchun. Lekin odamlarning roziligini olish uchun vaqtni ayamayman. Maqsadimni bafurja tushuntiraman. Kimman, bu suratlar qayerga boradi, nima uchun olayotganimni chuqur tushuntirib berishga harakat qilaman. Shundan so'ng ba'zida rozilik bermagan odamlar ham rozi bo'lishadi. Chunki maqsadimni tushungan odam rad eta olmaydi, agar u siz izlagan qahramon bo'lsa".

"Men chet ellikman" foto ko'rgazmasidan

Suratga olingan shaxs fotoni ko’rib, uning ishlatilishini xohlamasa-chi?

"Birinchi navbatda, agar qa'tiyan rad etsa, u odamning suratini darhol o'chirib tashlayman. Bunday hollar ham uchrab turadi. Imkon bo'lsa, men bu odamlarga tushuntirishga harakat qilaman. Ya'ni, masalan, bu suratning go'zalligi sening yuzing go'zalligida emas, jarayonning go'zalligida, deyman. U yerdagi faktlarning muhim ekanini tushuntiraman. Odamlarning uyiga kirib, suratga olaman. Odatda odamlar xona chiroyli emas, toza emas, deb xijolat bo'la boshlaydi. Hammayam shunday. Men o'zim ham xijolat bo'larman agar kimdir uyimga kelsa. Lekin men odamlarning manzaraning ma'naviy go'zalligini tushuntirishga harakat qilaman.

Manzara qanchalik sahnalashtiriladi?

"Hujjatli fotografiyaning birinchi qoidasi: biz manzarani hech qachon sahnalashtira olmaymiz. Agar biror harakat sahnalashtirilsa, u o'sha zahotiyoq dokumental hisoblanmaydi. Bu qoidani chetlab o'ta olmaysiz",- deya javob qiladi Elyor.

"Ushbu loyiham ["Men chet ellikman"] yuzasidan olingan suratlarda hech bir harakat men uchun qilingan yoki men tomonimdan so'ralgan emas. Albatta portretlardan tashqari. Portretni olganda qahramon sizga qarashi mumkin. Lekin u harakatda bo'lsa, men undan bunday qil, unday qil deb so'ray olmayman, bu mumkin emas. Menda shunday suratlar bor - bizning migrantlar Moskvada qor yo'g'ayotgan paytda ko'chada namoz o'qishayapti. Buni xohlagan odam borib ko'rishi mumkin. Lekin men o'zim o'sha yerga borib, o'sha odamlar bilan birga sovuq yeb, bir necha hafta mobaynida, ular bilan juma namoziga borib, ko'rib, o'rganib, suratga olganman. Har bir suratning qanday suratga olingani o'zi bir hikoya... Har bir suratning o'z taqdiri bor".

"Men chet ellikman" foto ko'rgazmasidan

Bu soha bilan tirikchilik qilsa bo’ladimi? Albatta yo’q, deydi Elyor. Xususiy foto va videolar olib daromad qiladi u. Biz ijodkor bilan Skype orqali bog’langanimizda Elyor Turkiyaning Antalya shahrida bir to’yni suratga olayotgan ekan. Undan oldin esa Qirg’izistonda Issiqko’lda bir buyurtma ustida ishlabdi.

"Dokumental fotografiya yetarlicha pul keltirganida edi, men xususiy fotografiya bilan shug'ullanmas edim. Bir vaqtning o'zida men to'ylarni suratga olaman. Tijoriy reklama va video roliklar tayyorlayman. Kliplarni suratga olaman. Bu juda yaxshi pul keltiradi. Shu tijoriy rolik va videolardan tushgan puldan keyin dokumental fotografiyaga sarflayman".

Elyorning ayni damda Nyu-Yorkda ko’rsatilayotgan loyihasi Ochiq Jamiyat Instituti homiyligida amalga oshirilgan. Bu tashkilot nazarida ham o’zbekistonlik fotograf zamonning eng dolzarb masalalaridan birini yoritmoqda. Nafaqat migrant ishchilar yurgan yurtdagi sharoit balki vatandagi vaziyat, shuningdek, tirikchilik bilan bog’liq muammolarni san’at orqali ko’tarib chiqmoqda.