Erdog'an Yevropadan qochqinlar masalasida umidvor

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an ham NATO sammitida qatnashmoqda. Turkiya alyansning muhim a’zolaridan. Biroq Anqaraning Suriyadagi harbiy amaliyoti ittifoqchilar tomonidan ham tanqid qilinmoqda. Erdog’an Yevropa davlatlaridan Turkiyada jon saqlayotgan millionlab suriyalik qochqinlar masalasida yordam so’rashi kutilmoqda.

Erdog’an bu masalada Britaniya, Fransiya va Germaniya rahbarlari bilan muloqot qiladi.

“Erdog’an talablarini yashirmayapti. U Yevropa davlatlaridan qochqinlar masalasida faolroq bo’lishni so’rayapti va bunga haqqi bor. Turkiya 3,5 dan 4 milliongacha suriyalikka quchog’ini ochgan. Yevropa migratsiya oqimi to’xtashini yoki migrantlarning o’z yurtiga qaytib ketishlarini istaydi. Bu Yevropa uchun og’riqli masala”, - deydi sobiq turk diplomati Oydin Seljen.

Turkiya Suriya shimolida xavfsiz zonalar yaratib, o’zidagi qochqinlarni shu zonalarga joylashtirishni taklif etmoqda. Yevropa esa, uning nazarida, bunda yordam berishi kerak.

“Turkiyada suriyalik qochqinlar uchun uy qurishga pul yo’q. Bundan tashqari, agar Yevropaning boshqa davlatlari bunga jalb qilinsa, loyihaning qonuniyligi kuchayadi”, - deydi Qodir Has universiteti professori Sarhat Guvanch.

Biroq qochqinlar masalasida Yevropadan yordam olish qiyin bo’lishini Erdog’anning o’zi ham tushunadi.

“Yevropaliklar Turkiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotini zaif barqarorlikka tahdid deb ochiq aytgan. Turkiyada jon saqlayotgan suriyaliklarni vataniga majburan qaytarish harakatini ham noqonuniy deb bilishadi va qayta qurish ishlariga yordam berishmaydi”, - deydi Seljen.

Ayniqsa Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron suriyalik kurdlarga qarshi amaliyotni keskin tanqid qilgan. Ba’zilar Anqarani kurdlar yashaydigan hududlarga arablarni joylashtirish harakatida ayblaydi, ammo Turkiya bu da’volarni inkor etib keladi.

O’tgan hafta Erdog’an “NATOning miyasi o’ldi” degan Makronni tanqid qilib, “Makronning miyasi o’ldi” deb qarshi hujumga o’tdi.

“Agar Yevropa Turkiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotini tanqid qilib, Anqaraga bosim qo’ysa, Erdog’an qochqinlarga Yevropa tomon chegaralarni ochib berish haqida do’q-po’pisa qilgan. Yevropa Erdog’anga quloq solishi uchun buni jiddiy dalil deb bilaman”, - deydi turkiyalik tahlilchi Sarhat Guvanch.