Erdog’an Suriya bilan aloqani tiklamoqchi

  • Amerika Ovozi

Bir vaqtlar Turkiya va Suriya rahbarlari o'ta yaqin aloqada bo'lgan, oilaviy do'stlashgan. 6-fevral, 2011-yilda Halabda olingan surat

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Suriya bilan aloqalarni tiklashga tayyor ekanini bildirib, millionlab suriyaliklarni vataniga qaytarish haqida so’zladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 10-iyul, 2024-yil - Erdog'an Assad bilan aloqani tiklamoqchi

Bunga Turkiya shaharlarida suriyalik qochqinlarga nisbatan namoyishlar turtki berdi.

Erdog’an muzokaralarda Rossiya ishtirok etishini xohlamoqda.

“Suriyaliklar hozirgi sharoitda yengil nishonga aylangan. To’g’rimi bu yo noto’g’ri, turklar ulardan to’ygan. Bu juda jiddiy siyosiy masalaga aylangan. Shu sabab suriyaliklarning Turkiyadan tartibli jo’nashini ko’rsatish muhimdir”, - deydi Istanbuldagi Qodir Has universitetining professori Soli O’zel.

Turkiyada yashayotgan uch milliondan ziyod suriyalikga nisbatan adovatning kuchayishi hamda salkam uch xonali inflyatsiya Erdog’an partiyasining mart oyidagi saylovda mag’lubiyatga uchrashi ortidagi omillar.

Tahlilchilarga ko’ra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Erdog’anning Suriya bilan muloqot boshlash istagini olqishlamoqda, chunki bu suriyalik isyonchilarni Turkiya madadidan ayirib, fuqarolar urushining tugashiga yordam beradi.

Bu, shuningdek,Putinga harbiy resurslarini Suriyadan Ukrainaga qaratishga imkon beradi, deydi kuzatuvchilar.

“Aslida Damashq va Anqara o’rtasida muloqotni Moskva xohlayapti. Chunki Rossiya hozir Ukraina bilan band”, - deydi Lion universitetidan mutaxassis Fabris Balansh.

Turkiya Suriyada ko’p sonli harbiylarni joylashtirgani muzokaralarda to’siq bo’lishi mumkin.

Turk qo’shinlari Suriyada kurdlarga qarshi jang qilmoqda, ularni Turkiyadagi kurd bo’lginchilariga aloqadorlikda ayblamoqda.

Tahlilchilar Damashq muzokaradan oldin Turkiyaga qo’shinlarini Suriyadan olib chiqish shartini qo’yishi mumkinligini taxmin qiladi.

“Bashar Assad ruslar va eronliklar hamda mahalliy dala qo’mondonlari, hatto o’z atrofidagi odamlar yordamiga muhtoj. Assadning turk askarlarini mamlakatdan chiqarishga qurbi yetmaydi, shu sabab Anqaraga shunday shart qo’yib, so’ng muzokara boshlashi mumkin”, - deydi sobiq diplomat Oydin Seljen.

Erdog’an milliy xavfsizlik sabab askarlarni Suriyadan olib chiqa olmasligini aytadi.

Suriya shimoli-sharqini boshqarayotgan isyonchilar Turkiya madadidan ayrilsa, hudud gumanitar ofatga yuz tutishidan, Assad qo’shinlari ularni qirishidan xavotirga tushgan.

“Agar rejim hududga qaytsa, u yerdagi odamlarning aksariyati Turkiyaga ketishni xohlashi mumkin. Anqaraga to’rt millionta yangi qochqinning keragi yo’q”, - deydi Balansh.

Muzokaralar qachon boshlanishi ma’lum emas. Erdog’an vositachi roliga Rossiyadan tashqari Iroqni ham taklif etmoqda.