Falastinning ko’zga ko’ringan arboblaridan biri, Isroil bilan muloqotda bosh muzokarachi bo’lgan Soib Erekat koronavirusdan vafot etdi. Mamlakat Prezidenti Mahmud Abbos uch kunlik motam e’lon qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
65 yashar Erekat 1990-yillardan beri muzokaralarda qatnashib kelgan, ko’plab AQSh va Isroil rahbarlari bilan uchrashgan. Marhum AQSh Prezidenti Donald Trampning G’arbiy Sohil bo’yicha nazoratni Isroilga topshiruvchi Yaqin Sharq tinchlik rejasiga keskin qarshilik bildirganlardan biri edi.
Isroil-Falastin tinchlik muzokalari 2014-yilda to’xtab qolganida Erekat Falastin davlatchiligiga faqat muzokara orqali erishish kerakligiga urg’u bergan edi, garchi bunga 50 yil ketsa ham.
Falastin Ozodlik Tashkiloti bosh kotibi vazifasini bajargan siyosatchi koronavirusga uchraganini 8-oktabr kuni ma’lum qilgan edi. Bundan uch yil oldin Erekatning AQShda o’pkasi transplantatsiya qilingan edi. Amaliyot uning immunitetini zaiflashtirgani aytilmoqda.
Arbob uch hafta oldin Quddusdagi kasalxonaga joylashtirilgan edi. Dafn marosimi 11-noyabr kuni G’arbiy Sohilning Iyerixon shahrida bo’lib o’tadi.