Netanyaxu zo’ravonliklarga qo’l urgan eritreyaliklarni Isroildan haydamoqchi

  • Amerika Ovozi

Tel-Aviv ko'chalaridagi to'qnashuvlar

Tel-Avivda ko’cha namoyishlari zo’ravon tus olishi ketidan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu keskin choralar ko’rilishi haqida ogohlantirmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 4-sentabr, 2023-yil

Afrikaning Eritreya davlatidagi ichki siyosatdan norozi odamlar va hukumat tarafdorlari Isroilda o’zaro to’qnashib, politsiyaga tosh otgan, bizneslarga zarar yetkazgan, yuzdan oshiq odam jarohat olgan.

Isroilda 25 mingga yaqin eritreyalik siyosiy boshpana olishga umid qilmoqda, biroq so’nggi zo’ravonliklardan so’ng Netanyaxu ularning bir qismini deportatsiya qilishni buyurishi mumkin.

Eritreyani 1993-yilda Efiopiyadan mustaqil bo’lganidan beri boshqarayotgan Isayas Afverki Isroildagi zo’ravonliklarga asosiy sababchidir. Uning raqiblari Eritreya Mustaqillik kunida hukmron diktaturaga muxolifat ramzi bo’lgan ko’k futbolka kiyib, Tel-Avivda Afverki tarafdorlari bilan to’qnashgan.

“So’nggi voqealarda ular haddidan oshgan. Bu isyon. Qon to’kildi. Bunday vahshiylikni qabul qila olmaymiz. Isyonchilarga nisbatan qattiq chora ko’riladi, bevosita ishtirokchilarni zudlik bilan haydaymiz. Rejimni qo’llab-quvvatlayotganlarga qochqinlik maqomini bera olmaymiz”, - dedi Netanyaxu.

Bosh vazirning rejasiga qarshi chiqayotgan Oliy sud hukumatning migrantlarni haydash rejasini bekor qildi.

“So’nggi voqealardan shokdamiz. Ham uyatga qoldik, ham qo’rquvdamiz. Mamlakatimizdagi ta’qiblardan qochgan edik, ammo diktatura bizni bu yerda ham ta’qib etmoqda, ovozimizni o’chirmoqchi”, - deydi Isroildagi nodavlat tashkilotda ishlovchi bir eritreyalik.

Shanba kungi zo’ravonliklar Isroilda sud tizimi islohotlariga qarshi o’tgan yildan beri davom etayotgan mahalliy namoyishlarga to’g’ri keldi.

Namoyishchilar hukumatni islohot orqali Oliy sudni zaiflashtirishga harakat qilayotganlikda ayblamoqda. Netanyaxuning diniy va millatchi konservatorlardan iborat koalitsiyasi Oliy sudni hukumatni nazorat qiluvchi vakolatlaridan ayirdi. Isroilliklarning ba’zilari buni diktatura tomon qadam desa, boshqalari hukumatni davlat to’ntarishida ayblamoqda.

Islohot tarafdorlari esa turli hokimiyatlar orasidagi muvozanatni tiklashga harakat qilayotganini da’vo qiladi.