Efiopiya hukumati isyonchilarga 72 soatlik ultimatum qo'ydi

  • Amerika Ovozi

Efiopiyadagi mojarodan qochayotgan aholi

Efiopiya hukumati Tigray viloyatida bosh ko’targan isyonchilarga qarshi kurashar ekan, yirik hujum rejalamoqda, mahalliy aholidan hududni tark etishni so’rayapti.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 23-noyabr, 2020-yil

Armiya vakili polkovnik Dejene Tsegaye Tigray rahbarlarini yarim millionlik Mekele aholisi orasida yashirinayotganlikda ayblarkan, fuqarolarni ulardan nariroq turishga da’vat etdi.

“Artilleriya hujumlaridan jon saqlamoqchi bo’lsangiz, qoching”, - dedi u.

Efiopiya Bosh vaziri, tinchlik uchun Nobel mukofoti sohibi Abiy Ahmad “Tigray xalq ozodligi fronti” yetakchilarini taslim bo’lishga chaqirarkan, 72 soatlik ultimatum qo’ydi. Unga ko’ra, isyonchilar rahbarlari diniy muassasalar, mehmonxonalar, maktablar, qabristonlarda yashirinmoqda, aholidan jonli qalqon sifatida foydalanmoqda.

Markaziy hukumat va Tigray mintaqaviy hukumatiga sodiq kuchlar 4-noyabrdan beri jang qilmoqda.

Efiopiyada hukmron koalitsiya tarkibida chorak asr faol bo’lgan “Tigray xalq ozodligi fronti” 2018-yil aprelida Abiy bosh vazirlikka tayinlanishi ketidan siyosiy nufuzini yo’qota boshladi. Isyonchilar Abiyni ularni hokimiyatdan siqib chiqarish harakatida ayblamoqda.

Bu o’rtada yuzlab odamlar jon saqlash maqsadida Tigrayni tark etmoqda, qo’shni Sudanga qochyapti. BMT hisobiga ko’ra, shu kungacha 35 mingdan ortiq odam Sudanga o’tgan. Mahalliy jamoalar va gumanitar tashkilotlar kun-sayin ko’payib borayotgan qochqinlarni joylashtirish, boqishga qiynalmoqda.