Yevropa Ittifoqi afg'on migrantlari muammosini Turkiya yordamida hal qilmoqchi

  • Amerika Ovozi

Yevropa Ittifoqi Afg’onistondan qochib, Yevropaga yo’l olayotgan qochqinlarga Turkiya boshpana berishini xohlayapti.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 27-avgust, 2021-yil

Har kuni Erondan Turkiyaga afg’on qochqinlari kirib bormoqda. Tolibon aholiga zulm o’tkazsa, qochqinlar soni keskin oshishi kutilmoqda.

Turkiyaga qo’shni Gretsiya ularni Yevropa Ittifoqi hududiga qo’ymaslik maqsadida chegarada devor qurmoqda.

“Yevropa Ittifoqi Turkiya hukumatidan 2015-yilda suriyalik qochqinlarni qabul qilishni qanday so’ragan bo’lsa, afg’on qochqinlariga kelganda ham shunday iltimos bilan murojaat qilmoqchi. Go’yoki Turkiya qochqinlarni saqlaydigan omborxona yoki axlatxonadek”, - deydi Qodir Has universiteti professori Soli O’zel.

Turkiya Yevropa Ittifoqi bilan kelishuvga ko’ra, bir necha milliard dollarlik yordam evaziga salkam 4 million suriyalikka boshpana bergan.

Yevropa rahbarlari Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an bilan Afg’oniston masalasini muhokama qila boshlagan. Ayrim tahlilchilar fikricha, ittifoq afg’onlarni qabul qilish evaziga Anqaraga pul taklif etadi.

“Turkiya hukumatiga bu taklif manzur tushishi mumkin, chunki hozir hukumatda pul kam. Biroq boshqa tomondan, masala siyosiy jihatdan Erdog’anga qimmatga tushishi mumkin, chunki mahalliy aholi qochqinlardan norozi va bu norozilik kuchayib bormoqda”, - deydi Yevropa Tashqi aloqalar kengashidan Asli Oydintoshbosh.

Bir necha hafta oldin poytaxt Anqara tevaragida suriyaliklarga qarashli do’konlar hujumga uchradi.

Muxolifatdagi Respublikchilar xalq partiyasi Yevropa Ittifoqi bilan qochqinlar bo’yicha har qanday kelishuvga qarshi. Unga ko’ra, Yevropa inqirozdan pul bilan chiqish o’rniga o’zi ham qochqinlarni qabul qilishi kerak.

“Yevropa Ittifoqi migratsiya muammosini pul bilan, Turkiyaga moliyaviy yordam berish bilan to’xtatib bo’ladi deb o’ylaydi shekilli. Birinchidan, taklif etilayotgan yordam Turkiya xarajatlarini qoplamaydi ham. Ikkinchidan, bu bilan migratsiya muammosini hal qilib bo’lmaydi”, - deydi muxolif deputat Unal Cheviko’z.

Xalqning qo’shimcha qochqinlarni qabul qilish g’oyasidan noroziligidan xabardor Erdog’an hozircha bu masalada Yevropa Ittifoqi bilan kelishishni istamayapti, Eron bilan chegarada qad ko’tarayotgan devor qurilishini tezlashtirishga chaqirmoqda.