Yevropa Ittifoqi Xitoyning “Kamar va yo’l” tashabbusi bilan raqobatga tayyormi?

  • Amerika Ovozi

Arxiv surat

Yevropa Ittifoqi global infratuzilmani yaxshilash uchun o’tgan hafta 340 milliard dollarlik jamg’armaga asos soldi. “Global darvoza” deb nomlanuvchi fond rivojlanayotgan mamlakatlarda optik tolali kabellar, magistrallar, temir yo’llarni qurish, yangilanuvchi energiyani ishlab chiqarishni yo’lga qo’yishga yordam berishi ko’zda tutilgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 10-dekabr, 2021-yil

“Toza vodorodga sarmoyani tasavvur qiling. Yangilanuvchi energiyasi mo’l hamkor davlatlar bor. Vodorodni ishlab chiqarish uchun shamol yoki quyosh quvvatidan foydalansa bo’ladi. Ikki qit’ani bir-biriga ulovchi va yuqori tezlikdagi internet aloqa bilan ta’minlovchi suv osti kabellari ham tasavvur qiling”, - dedi Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen.

Jamg’armadagi pul 2027-yilgacha mo’ljallangan. Aksariyati qarz, beg’araz grant emas. Sog’liqni saqlash va ta’lim tizimlarini kuchaytirish ko’zda tutilgan.

“Demokratik, qadriyatlarga asoslangan yondashuv eng dolzarb muammolarni hal etishga qodir ekanini ko’rsatmoqchimiz”, - dedi fon der Leyen.

Tahlilchilarga ko’ra, yana bir sabab - geosiyosiy.

“Global darvoza”dan asosiy maqsad Xitoyning yangi ipak yo’li bo’lmish “Kamar va yo’l” tashabbusiga javob berish. Yevropaning ko’p kompaniyalari xitoylik raqiblar bilan katta raqobatga duch kelayotganini, ko’p mamlakatlar Xitoy ta’sir doirasiga tushayotganini aytadi”, - deydi xalqaro siyosatshunoslik bo’yicha professor Jonatan Xolslag.

Yevropa ajratayotgan 340 milliard dollar Xitoy bilan raqobat uchun yetarlimi?

“Xitoyning xorijdagi kreditlari qiymati 1,5 AQSh trillion dollariga teng”, - deydi olim.

O’tgan hafta Laosda Xitoyning Kunmin shahridan yotqizilgan uzunligi ming kilometr bo’lgan 5,9 milliard dollarlik temir yo’l rasman ochildi. Loyihaning 60 foizi Xitoy davlat kreditlari hisobiga qoplandi. Ayrim tahlilchilarga ko’ra, Xitoy qarzining miqdori xavfli darajada yuqoridir.

“COVID bilan bog’liq vaziyat temir yo’ldan pul qilishga imkon bermayapti. Demak, daromad va eksport kam bo’lib, qarz ko’tarilib boradi. Laos iqtisodiyotiga nazar tashlaydigan bo’lsak, ular iqtisodiy qarorlari natijasida Xitoy ta’sir doirasiga chuqurroq tushib bormoqda”, - deudi siyosiy tahlilchi Greg Reymond.

Xitoy Gretsiyada portlarni sotib olib, Bolqon davlatlarida transport yo’llarini moliyalab, Yevropaga ham sarmoya kiritmoqda. Yevropa Ittifoqi Xitoyga muqobil imkoniyatlar taklif etmoqda.

Yevropa Ittifoqiga ko’ra, uning “Global darvoza” jamg’armasi AQSh Prezidenti Jo Bayden “Katta Yettilik” guruhining iyun oyidagi sammitida e’lon qilgan infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan “Yaxshiroq dunyoni qayta tiklash” fondi bilan birga ish olib boradi.

“Rivojlanayotgan mamlakatlar Yevropa kreditlariga qo’yilayotgan ekologik barqarorlik va shaffoflik kabi talablarni hali qabul qiladimi, yo’qmi, vaqt ko’rsatadi. Nazarimda, ular turli donorlarni bir-biriga qarshi qaratishdan ko’proq foyda ko’rishga harakat qiladi”, - deydi professor Xolslag.

Xitoy Yevropa tashabbuslariga rasmiy munosabat bildirgani yo’q. Pekinning oy boshida bildirishicha, global infratuzilma sohasida hamkorlik qilish uchun ko’plab imkoniyatlar mavjud.