Yevropa Ittifoqi Belarus muxolifatini Saxarov mukofotiga loyiq deb topdi

  • Amerika Ovozi

Yevropa Ittifoqi inson huquqlari kurashchilari uchun ta’sis etilgan Saxarov sovrinini bu yili Belarus muxolifatining 10 a’zosi, jumladan uning rahbari Svetlana Tixanovskayaga berishga qaror qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 22-oktabr, 2020-yil

Belarus muxolifati Muvofiqlashtiruvchi kengashining sovringa loyiq topilgan ba’zi a’zolari hozir qamoqda, kimdir mamlakatdan haydalgan, kimdir esa Belarusni tark etishga majbur bo’lgan. Bular musiqachi Mariya Kolesnikova, siyosiy faollar Olga Kovalkova va Veronika Sepkalo, ko’zga ko’ringan muxolif siyosatchi Mikola Statkevich va boshqalar. Ozodlikda hozircha faqat Nobel mukofoti sohibasi Svetlana Aleksiyevich qolgan.

Yevropa Ittifoqi Belarusda 9-avgust kuni o’tgan saylov natijalarini tan olishdan bosh tortib, bu mamlakatning 40 rasmiysini saylovlarni soxtalashtirish va namoyishchilarga zulm o’tkazish ayblovi bilan qora ro’yxatga kiritdi.

Agar Prezident Aleksandr Lukashenko muxolifat bilan muloqot boshlamasa va qatag’onlarga chek qo’ymasa, ittifoq sanksiyalarni unga nisbatan ham qo’llashga tayyor ekanini bildirmoqda. Tashkilot Lukashenkoning prezidentlik vakolatini tan olmasligini ta’kidlamoqda.

Saylovgacha siyosat bilan shug’ullanmagan ingliz tili o’qituvchisi, 38 yashar Tixanovskaya rasman 10 foiz ovoz olgan, biroq tarafdorlari uning g’alaba qilganini da’vo qilarkan, saylovlarni qayta o’tkazish talabini olg’a surmoqda.

Tixanovskayaning saylovga nomzod sifatida ro’yxatga olinmagan turmush o’rtog’i hozir qamoqda. Ayol mag’lubiyatini tan olishdan bosh tortib, Belarus hukumati bosimi ostida Litvaga chiqib ketishga majbur bo’ldi.

Saxarov mukofoti va 50 ming dollar pul 16-dekabr kuni Fransiyaning Strasburg shahrida topshiriladi. Bungacha bu sovrin Janubiy Afrika sobiq prezidenti Nelson Mandela, Venesuela muxolifati, pokistonlik faol Malala Yusufzoyga nasib etgan.