Yevropa Ittifoqi Xitoy bilan savdo, inson huquqlari xususida muloqot qildi

  • Amerika Ovozi

Virtual muloqot paytida

Hafta boshida Yevropa Ittifoqi rahbarlari Xitoy Prezidenti Si Zinpin bilan virtual sammit o’tkazib, bu mamlakatdan savdo to’siqlarini olib tashlashni, iqtisodiy aloqalarni muvozanatga keltirishni so’radi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 16-sentabr, 2020-yil

“Yevropa Xitoyga o’z bozorlarini ochish bilan bir qatorda Xitoy bozorlarida ham faol bo’lishni istaydi. Xitoy bilan muvozanatli aloqa o’rnatish tarafdorimiz”, - dedi Yevropa Kengashi Prezidenti Sharl Mishel.

“Xitoy bozorlariga qo’yilgan cheklovlar olib tashlanadi degan umiddamiz”, - dedi Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Leyen.

Yevropa Xitoy bilan savdo munosabatlarida ustunlik Pekin tomonida ekanidan norozi, biroq savdo urushigacha borishni istamaydi, deydi tahlilchi Stiv Tsan.

“Nazarimda, COVID-19 Xitoy bilan aloqalarga katta ta’sir ko’rsatdi. Yevropadagi aksariyat mamlakatlar Xitoy ishonchli savdo hamkori bo’la olmasligini, masalan, tibbiy anjomlar kabi muhim mahsulotlarni yetkazishda ishonchli ta’minotchi bo’la olmasligini ko’rdi. Biroq shu bilan birga, ular Xitoy bilan iqtisodiy hamkorlikni to’xtatishni ham istamaydi”, - deydi London universitetida Xitoy bo’yicha mutaxassis.

Savdo masalasi sammitda markaziy mavzu bo’lishiga qaramay, Yevropa rahbarlari Xitoyda inson huquqlarining poymol etilayotganiga ko’z yumishni istamadi. Yevropa Ittifoqi Pekinni Gonkongda namoyishchilarga qarshi ta’qiblarni to’xtatishga, Shinjon viloyatida uyg’ur aholiga nisbatan muomalani yaxshilashga chaqirdi. Inson huquqlari guruhlariga ko’ra, Xitoyda millionlab musulmon lagerlarda saqlanmoqda.

Xitoy bu ayblovlarni inkor etishiga qaramay, Germaniya kansleri Angela Merkel mavzuni ko’tarishda davom etamiz, deydi.

“Inson huquqlariga doir muloqot davom etadi. Qo’shma harakatlarni amalga oshirish uchun mas’ullar tayinlangan, biroq biz bu mavzuda bir to’xtamga keldik degani emas”, - dedi u.

Si Zinpin inson huquqlari masalasini Xitoyning ichki ishi deb bilarkan, tashqi aralashuvga qarshi ekanini aytib keladi.

“Dunyoda va xususan, Yevropa Ittifoqida Xitoyga nisbatan jamoatchilik fikri o’zgarmoqda, hukumatlar qattiq pozitsiya egallamoqda”, - deydi tahlilchi Tsan.

Xitoy AQSh bilan savdo urushida zarar ko’rayotgan bir paytda eng yirik savdo hamkori bo’lgan Yevropa Ittifoqi bilan qattiq tortishishni istamaydi. Bryussel Xitoy bilan muloqotlarda savdo mavzusi bilan bir qatorda xavfsizlik va inson huquqlari masalalarini ko’tarishda davom etishini bildirmoqda.