Yevropa Ittifoqi Xitoyda inson huquqlari buzilayotgani haqidagi xabarlar ketidan Pekin bilan savdo shartnomasi ratifikatsiyasini to’xtatishga qaror qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Yevropa Ittifoqi va Xitoy o’rtasida sarmoyaga doir keng qamrovli shartnoma” deb nomlanuvchi kelishuvga erishish uchun tomonlar 7 yil muzokara qildi. Dekabr oyida kelishuv tayyor bo’ldi va ikki taraf parlamentlari uni ratifikatsiya qilishi kerak. Yevropa Komissiyasi vitse-prezidentining o’tgan hafta aytishicha, jarayon vaqtincha to’xtatilgan.
Yevropa Ittifoqi Xitoyni Shinjonda uyg’urlarni xo’rlayotganlikda ayblamoqda. Qo’shma Shtatlar Pekinning uyg’urlarga nisbatan siyosatini genotsid deb atab, mart oyida unga sanksiyalar qo’ydi. Yevropa Ittifoqi esa Xitoyning to’rt rasmiysini qora ro’yxatga kiritdi, Pekin Yevropa Parlamentining 5 a’zosini qora ro’yxatga qo’shish bilan javob berdi.
Germaniya kansleri Angela Merkel kelishuvdan butunlay voz kechmaslikka chaqirmoqda.
“Barcha qiyinchiliklarga qaramay, bu juda ham muhim tashabbus bo’lib, har ikki tarafga bozorlarga kirishga kattaroq yo’l ochadi”, - dedi u.
Kelishuv Yevropa kompaniyalariga Xitoy bozoriga kirishga imkon beradi, biroq ayrim qonunchilar shartnomaga qarshi.
Yevropalik tahlilchi Alisiya Garsiya-Erreroning aytishicha, hujjatda Yevropaga taklif etilayotgan bozorlar unchalik katta ham emas. Xitoy kelishuvdan ko’proq naf ko’radi, deydi u.
“Yevropa bu Xitoy hali ham kompaniyalar sotib oladigan yirik va yagona rivojlangan iqtisodiy zonadir”, - deydi mutaxassis.
Pekin Yevropa Ittifoqini hujjatni yoqlashga chaqirmoqda.
“Xitoy kelishuvni amalga oshirishda Yevropa Ittifoqi bilan aloqa va hamkorlik qilishga tayyor”, - deydi Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Van Venbin.
Bu o’rtada Yevropa Ittifoqi davlatdan subsidiya oluvchi xorijiy kompaniyalarga Yevropada bizneslarni sotib olishni va davlat kontraktlarini olish uchun tenderlarda qatnashishni taqiqlash ustida o’ylanmoqda. Shunday bo’lgan taqdirda, ortida Xitoy hukumati turgan kompaniyalarning Yevropada ish qilishi qiyinlashadi.