Boy amaldorlar Yevropaning turli joylarida dam olishni, butiklarida xarid qilishni yaxshi ko’radi, qit’ada ko’chmas mulkka ega. Yevropa Ittifoqi inson huquqlari tajovuzkorlariga qarshi qonun qabul qilib, qatliom, qiynoqlar, asossiz hibsga olishlarda qo’li bor oligarxlar va rasmiylarga Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga darvozalarni yopishga qaror qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Ba’zilar 10-dekabr - Jahon inson huquqlari kunida kuchga kiruvchi hujjatni “Magnitskiy qonuni” deb atamoqda. U 2009-yilda Rossiya qamog’ida jon bergan hisobchi Sergey Magnitskiy bilan bir paytlar birga ishlagan moliyachi Bill Brauder tashabbusi bilan qabul qilindi.
“Diktatorlar va kleptokratlar Fransiya janubiga, Sardiniyaga, Ispaniyaga borishni yaxshi ko’radi. Agar ushbu qonun keng joriy qilina boshlasa, dunyo bo’ylab inson huquqlariga tajovuzlar xarakteri jiddiy o’zgarishlarga yuz tutadi deb o’ylayman”, - deydi Brauder.
AQSh, Britaniya va Kanadada o’xshash qonunlar bor. Hammasi Magnitskiy nomi bilan yuritiladi. Biroq Niderlandiya hukumati Yevropa Ittifoqi qonuniga Magnitskiy nomi berilishiga qarshi. Hech bir mamlakat qonun unga qarshi qaratilgan deb o’ylamasligi kerak, deyiladi Amsterdam izohida.
Yil boshida zaharlangan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy tashabbusni olqishlamoqda.
“Bu odamlar nega zaharlash, qotillik, soxtalashtirishlar bilan shug’ullanyapti degan savolni o’rtaga tashlash kerak. Javob esa oddiy – pul. Yevropa Ittifoqi rossiyalik oligarxlar, Putin davrasiga kiruvchi odamlar va ularning pullarini nishonga olishi kerak. Ularga nisbatan haqiqiy sanksiyalar qo’llash kerak”, - deydi Navalniy.
Rossiya hukumati faolning zaharlanishiga aloqadorligini inkor etadi.
Brauderning aytishicha, ko’plab rasmiylar Yevropa Ittifoqi qora ro’yxatiga kiritilishi kerak.
“Jurnalist Jamol Qoshiqchining qotillari - 19 nafar saudiyalik va shahzoda Salmon, uyg’urlarga qarshi qatliomlarda va Gonkongga qarshi ta’qiblarda qo’li bor xitoylik rasmiylar, Lukashenko rejimi, roxinjaliklar qatliomiga aloqador birmalik rasmiylar shular jumlasidan”, - deydi u.
Yangi qonun a’zo davlatlarga taklif etilayotgan jazo choralariga veto qo’yish huquqini beradi. Tanqidchilarga ko’ra, Kreml bilan iliq aloqalarga ega Vengriya va Kipr ana shu vakolatlardan foydalanishi mumkin.