Yevropa Ittifoqi qit'aga oqib kelayotgan muhojirlarni joylashtirish uchun Gretsiyada 50 ming hamda Bolqon davlatlarida yana shuncha markazlar ochmoqchi. Yevropa Komissiyasi Prezidenti Jan Klod Yunkerning Brusseldagi favqulodda sammitda aytishicha, bunday joylarda palatkalar o'rnatiladi, muhojirlar ro'yxatga olinadi.
"Bu Yevropa uchun eng katta lakmus qog'ozi", - deydi Germaniya kansleri Angela Merkel.
Yunker migrantlarni qabul qilgan davlatlar orasida tezkor ma'lumot almashinuvi yo'lga qo'yilishini ham ma'lum qildi.
Xorvatiya shanba kunning o'zida mamlakatga 11500 muhojir kirganini bildirdi. Vengriya Serbiya bilan chegarada simli to'siq qo'ygandan beri migrantlar G'arbiy Yevropaga Xorvatiya orqali o'tmoqda.
Joriy yilda Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo va Shimoliy Afrikadan 680 mingdan ziyod odam Yevropaga kirgan. Ba'zilari urush va mojarolardan qochgan bo'lsa, boshqalari yaxshiroq hayot topish ilinjida.
Yunkerning aytishicha, migratsiya oqimini sekinlashtirib, chegara nazoratini kuchaytirish kerak.
"Himoya istab kelmaganlar Yevropa Ittifoqi hududiga kiritilmasligini anglab yetishlari lozim", - deydi Yunker.
Bolgariya, Serbiya va Ruminiyaga ko'ra, agar Germaniya va boshqa davlatlar eshiklarini qochqinlarga yopib qo'ysa, ular ham shunday qilishga majbur bo'ladi.