Rossiyada davlatga xiyonat to’g’risidagi qonun yangilanadi

  • Amerika Ovozi
Yevropa Ittifoqi Rossiyada “Davlatga xiyonat qilish” to’g’risidagi yangi qonun loyihasi yuzasidan xavotir bildirmoqda.

“Parlamentning quyi palatasi Dumada ovozdan o’tgan hujjatda xoinlik aniq ta’riflanmagani bois sud ishlarida uning adolatli ravishda qo’llanishi amrimahol. Ajnabiy fuqarolar bilan aloqa qilganlar 20 yilga qamalishi mumkin”, - deydi Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshton.

Amaldagi qonunda davlatga xiyonat deganda josuslik nazarda tutiladi, shuningdek, xorijiy davlatlarga Rossiya xavfsizligini tahdid ostiga qo’yuvchi har qanday ko’mak berish tushuniladi.

Yangicha talqinda esa “Rossiyaning konstitutsion tuzumi, suvereniteti va hududiy yaxlitgiga” raxna soluvchi xatti-harakatlar, shu bilan birga, xorijiy mamlakatga yoki tashkilotga moliya uzatish yoki maslahat berish ham sotqinlik deb belgilangan.

Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati tomonidan tuzilgan qonun loyihasi parlamentning yuqori palatasidan ham osongina ovozdan o’tishi va prezident Vladimir Putin tomonidan imzolanishi kutilaypti.

Faollar nazarida, Kremlning maqsadlari aniq va ravshan – fuqaro jamiyati va erkinlikni cheklash, ta’qiblarni kuchaytirish.

Rossiya rahbariyatiga ko’ra esa, yangi qonunning inson huquqlariga daxli yo’q, balki davlat xavfsizligini ta’minlash uchun ko’rilayotgan zarur choradir.