Yevropa Ittifoqi va Britaniya savdo bitimiga kelishib oldi

  • Amerika Ovozi

Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson

Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi nihoyat savdo bitimiga kelishib oldi. Bitim 1-yanvargacha imzolanmasa, tomonlar erkin savdodan boj va kvotalarga o’tgan bo’lardi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 25-dekabr, 2020-yil

Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqishi ketidan savdo shartlariga kelishish o’ta muhim edi.

“Yo’limiz uzun, to’siqlarga boy bo’ldi. Ammo yaxshi kelishuvga erishdik. Bu adolatli, muvozanatli kelishuv bo’lib, har ikki tomon uchun to’g’ri va mas’uliyatli qadamdir”, - dedi Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Layen.

Bosh vazir Boris Jonson muzokara natijalarini olqishlab, Britaniya o’z qonunlari, chegaralari va baliqchilik rayonlari ustidan nazoratni tiklab olganini aytdi. Kelishuv tafsilotlari hozircha e’lon qilingani yo’q. Agar tomonlar boj va kvotalarsiz ish qilishga kelishib olgan bo’lsa, savdo ancha yengillashtiriladi.

Jonsonning aytishicha, britan parlamentida kelishuv bo’yicha ovoz berish 30-dekabrga belgilangan.

Britaniya Yevropa Ittifoqini rasman 31-yanvar kuni tark etgan edi, biroq 31-dekabrgacha o’tish davri amal qilmoqda. Savdo bitimiga kelisha olmagan taqdirda tomonlar Jahon savdo tashkiloti qoidalariga ko’ra savdo qilardi. Natijada erkin savdo yo’qolib, har ikki tomon qarshi taraf mahsulotlariga soliq va boj qo’yishga majbur bo’lib, bizneslar katta yo’qotishlarga duch kelardi.

Angliya Banki bashoratiga ko’ra, “breksit” Buyuk Britaniya iqtisodiyotiga hali ancha salbiy ta’sir ko’rsatadi - 15 yilda Britaniya yalpi ichki mahsulotining 4 foiziga teng pul yo’qotishi mumkin.