AQShning mototsikllar ishlab chiqaruvchi Xarli-Deyvidson kompaniyasi Yevropada ham korxona ochish qarorini e’lon qildi. Yevropalik baykerlar bundan xursand, chunki mahsulot qimmatlab ketmaydi. Xarli-Deyvidsonning qarori AQSh va Yevropa Ittifoqi o’rtasida savdo bo’yicha kechayotgan tortishuv natijasidir.
Fransiya poytaxti Parijda yo’llar doimo tirband. Lekin bir guruh baykerlar har hafta uchrashib, keyingi sayohatlarini muhokama qilishadi. Xarli-Deyvidson mototsikllarida.
“Xarli mototsiklida yurishni so’zda tasvirlash qiyin. Ichingizda o’zgacha tuyg’u, kayfiyat. Mutlaqo erkinsiz”, - deydi fransiyalik Patrik Sarfati.
Baykerlar Yevropa bo’ylab motoyurishlar uyushtirishadi, lekin ko’pchilik uchun AQShga borish orzu. Illinoysdan Kaliforniya shtatigacha cho’zilgan mashhur 66-trassada mototsikl haydaganlar bor.
Roberto Vayt Pintu Amerikani ko’p millatli, inqilob va bunyodkorlik yurti deb tasvirlaydi.
“Umuman olganda, fransuzlar orasida Amerika madaniyatiga qiziqish yuqori. Do’konimizga keladigan xaridorlar 66-trassa bo’ylab bu yurtda sayohat qilishni orzu qilishadi. Albatta, Xarli-Deyvidson mototsiklida!”, - deydi Fransiyadagi do’kon egasi Richard Kleyerfond.
Ammo orzular ro’yobga chiqishiga ba’zida siyosat to’sqinlik qiladi. Tramp ma’muriyati yaqinda Yevropadan po’lat va alyuminiy importiga tariflarni oshirdi. Yevropa Ittifoqi, o’z navbatida, AQSh mahsulotlariga, jumladan viski, yeryong’oq yog’i, apelsin sharbati va Xarli mototsikllariga kattaroq boj soldi.
Xarli-Deyvidson ishlab chiqarishning bir qismini Yevropaga ko’chirib, 6 foizdan 31 foizga ko’tarilgan soliqlarni bartaraf etmoqchi va shu tariqa kattagina mablag’ tejaydi. Yevropa - Xarli-Deyvidson uchun AQShdan keyingi eng katta bozor.
Ittifoqchilar o’rtasida bu kabi kelishmovchiliklar avval ham bo’lgan. 2003-yilda Fransiya AQShning Iroqqa bostirib kirishini tanqid qilganidan keyin amerikalik siyosatchilar fransuz pishloqlarini boykot qilishga chaqirgan edi.
Jan-Pyer Raffaren o’shanda Fransiya bosh vaziri edi.
“Nazarimda, Tramp prezident ekani Yevropaga omad olib keladi, chunki bu qiyin davrda qit’a qayta birlashmoqda, AQShga kuchli javob berish imkonini bermoqda. Lekin uzoq muddatda AQSh va Yevropa kelishmovchiliklarni hal qilib, yaqin bo’lib qolishi kerak”, - deydi sobiq vazir.
Baykerlar fikricha, hatto savdo urushi ham fransuz xaridorlarini umidsizlantira olmaydi.
“Chunki odamlar Xarlini yaxshi ko’rishadi. Soliq bu soliq, hech narsa qilolmaysiz”, - deydi Patrik Sarfati.