Yevropa Ittifoqi terrorga qarshi tashabbuslarni muhokama qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Yevropadagi bir necha xurujlar ketidan Fransiya va Germaniya chegaralarni kuchaytirishga chaqirmoqda. Biroq ayrim mutaxassislar yolg’iz bu chora bilan muammo hal bo’lmasligini bildirmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 12-noyabr, 2020-yil

Oktabr o’rtasida Parijda bir chechen maktab o’qituvchisining boshini oldi. Shundan salkam ikki hafta o’tib, tunislik muhojir Nitsa shahridagi cherkovda uch odamni pichoq bilan yaraladi. Noyabr boshida esa “Islomiy davlat” jangari to’dasiga qo’shilmoqchi bo’lgan yana bir musulmon Vena shahrida 4 kishini otib o’ldirdi.

Seshanba kuni Yevropa mutasaddilari majlis qilib, Shengen zonasi chegarasini kuchaytirishga chaqirdi.

“Chora siyosiy boshpana olish huquqini kamaytirishga qaratilmagan. Aksincha uni to’liq ishga solib, tizimdan noqonuniy foydalanish yo’llariga qarshi kurashga qaratilgan”, - dedi Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron.

Nitsa va Venada xurujlarni amalga oshirgan odamlar Shengen zonasiga a’zo mamlakatlarga bemalol kirib-chiqqan. Tashqi chegara xavfsizligini kuchaytirish muammoga yechim emas, deydi terrorizm bo’yicha tahlilchi Rafaello Pantuchchi.

“O’tmishda bir necha bor shunga guvoh bo’ldikki, terror xurujlariga odatda mahalliy odamlar qo’l uradi. Avstriyadagi so’nggi voqea bunga yaqqol misoldir. Xurujni amalga oshirgan odam muhojir oilasidan kelib chiqqan bo’lsa-da, uning o’zi Avstriyada tug’ilgan”, - deydi ekspert.

Aholining radikallashgan qismidan taralayotgan tahdidga qarshi qanday kurashish mumkin? Yevropa Ittifoqi ekstremistik mazmundagi saytlarni xosting bilan ta’minlayotgan internet provayderlarni nishonga olishga qaratilgan yangi qonun qabul qilishni taklif etayapti.

“Bunday kompaniyalar xizmat ko’rsatayotgan sahifalarda jinoiy yoki zararli kontent haqida dalil berilganida ular tez chora ko’rishi kerak bo’ladi”, - deydi Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen.

So’nggi yillarda Yevropadagi xurujlarning aksariyati terror guruhlariga aloqador bo’lmagan yolg’iz harakat qiluvchi terrorchilar tomonidan amalga oshirilgan.

“Yillar oldin Parij, Madrid yoki Londondagi keng ko’lamli xurujlardan ancha yaxshi vaziyatdamiz hozir”, - deydi Pantuchchi.

Dekabr oyida Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 mamlakat rahbarlari uchrashib, terror tahdidiga qarshi choralar xususida yana gaplashadi.