BMTning Qochqinlar masalalari bo'yicha oliy komissari Yevropa Ittifoqidan 200 ming qochqinga yordam qo'lini cho'zishni so'rayapti. Yaqin Sharq, Afg'oniston, Afrikadagi urush, nizolardan bosh olib ketgan bu insonlar Yevropadan boshpana izlayapti.
Antonio Guteres bugun e'lon qilgan bayonotida Yevropa Ittifoqini maxsus dasturni ishga solishga undadi. Bu loyihaga ko'ra, a'zo 28 davlat qochqinlar himoyasida teng qatnashishi shart bo'ladi.
Guteres nazarida bu tanazzul ittifoq uchun muhim, burilish davridir. Yevropa tarqoq ekanidan faqat jinoyatchilar foyda ko'radi, deydi u.
Britaniya, bu orada, suriyalik minglab bu insonlarni qabul qilish qarorini e'lon qildi. Shu paytgacha qirollik besh ming qochqinga panoh berishga rozi bo'lgan edi.
Vengriyaning Bichke shahrida esa yuzlab qochqinlar Germaniyaga ketayotgan poyezddan tushishdan bosh tortmoqda. Germaniya 800 ming odamga qochoq maqomini berishga tayyor. Biroq Vengriya hukumati bu odamlardan avval ittifoq qoidalariga ko'ra, ro'yxatdan o'tishni va qochoqlar lagerida turishni so'rayapti.
O'rta dengiz osha o'ta xatarli yo'lni bosib o'tayotgan minglab insonlar avval Gretsiya va Italiya sohillariga kelib tushmoqda. Fransiya, Germaniya va Italiya rahbarlarining aytishicha, qochoqlar ittifoq bo'ylab teng taqsimlanishi lozim.