Yevropa Ittifoqi migrantlar yuzasidan favqulodda majlis chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Serbiyadan Vengriya hududiga o'tgan suriyalik muhojirlar, 29-avgust, 2015-yil

Britaniya, Fransiya va Germaniya yaqin sharqlik migrantlarning Yevropaga oqib kelishi natijasida yuzaga kelgan inqirozni hal etish yo'llarini muhokama qilish uchun kelasi ikki hafta ichida Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar ichki ishlar va adliya vazirlarining favqulodda majlisini chaqirmoqda.

G'arbiy Yevropa davlatlariga o'tish maqsadida har kuni Makedoniya chegarasini uch minggacha noqonuniy migrant kesib o'tmoqda. Natijada bu mamlakat oy boshida favqulodda holat e'lon qilishga majbur bo'ldi.

Migrantlar Makedoniyadan poyezdda Serbiyaga, so'ng Bolqon orqali Vengriyaga yo'l olmoqda. Vengriya hukumati muhojirlarni ichkariga qo'ymaslik uchun Serbiya bilan 175 kilometrlik chegarasini tikanli simlar bilan to'smoqda.

Bu davlat Bosh vaziri Viktor Orbanning aytishicha, migrantlar Yevropa xavfsizligi, farovonligi va o'zligiga tahdid solmoqda.

Muhojirlarning ba'zilari manzilga yetmasdan yo'lda suvsizlikdan, havosizlikdan nobud bo'lmoqda, chunki ayrimlari politsiya qo'liga tushmaslik maqsadida ko'pchilik bo'lib yopiq yuk mashinalarida tashilmoqda.

Kecha Avstriya politsiyasi Germaniya chegarasi yonida bir mikroavtobusni to'xtatganida, ichidan 26 suriyalik va janubiy osiyolik qochqin chiqdi. Uch yosh bolaning suvsizlikdan nobud bo'lishiga oz qoldi.

Payshanba kuni esa Avstriyada yuk mashinasidan 71 migrantning jasadi chiqdi. Ular dimiqib o'lgan. Bu ishga aloqadorlik gumoni bilan to'rt bolgariyalik va bir afg'on hibsga olingan.

Payshanba kuni, shuningdek, O'rta dengizda migrantlarga to'la teploxod ag'darilib, 200 odam cho'kib o'lgan.

BMT hisobiga ko'ra, joriy yilda Yaqin Sharq, Afrika va Janubiy Osiyodan 300 ming odam qashshoqlik va zo'ravonliklardan qochib, Yevropaga yo'l olgan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning aytishicha, odamlarning mamlakatini tark etishiga majbur qilayotgan mojarolar, tazyiqlarga chek qoyish zarur.