Germaniya va Avstriya migrantlarga chegaralarini ochdi

  • Amerika Ovozi

Migrantlar Myunxen temiryo'l vokzalida, Germaniya, 6-sentabr, 2015-yil

Germaniya va Avstriya bugun minglab migrantlarga chegaralarini ochdi. Muhojirlarning aksariyati Yevropaning eng boy mamlakati bo'lmish Germaniyaga bormoqchi ekanini yashirmayapti.

Bugun 8000 odamning german chegarasini kesib o'tishi kutilmoqda. Bu mamlakat rasmiylariga ko'ra, yil oxirigacha 800 ming qochqin Germaniyada qabul qilinishi mumkin.

Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlarning ayrimlari muhojirlarni kiritishga rozi bo'lsa, boshqalari mutlaqo qarshi, masalan, Vengriya va Slovakiya. Vengriya Serbiya bilan chegarada 174 kilometrlik tikanli simdan qilingan to'siq o'rnatdi.

Bu mamlakat Bosh vaziri Viktor Orban o'zini nasroniylar merosining himoyachisi deya ko'rsatmoqda.

"Muhojirlarning keti ko'rinmaydi. Ular oqib kelishda davom etaversa, Yevropa tamom bo'ladi", - deydi u.

Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalarga bosh rasmiysi Federika Mogerinining aytishicha, muammo hali beri yo'q bo'lmaydi, demak Yevropa bir bo'lib samarali harakat qilishi kerak.

Rim papasi Fransisk Yevropadagi diniy muassasalar, ibodatxonalar, jamoalarga murojaat qilib, migrantlarni qabul qilishga chaqirdi. Vatikan bu ishda namuna bo'lmoqchi.

Ayni damlarda Suriyadan qochqinlarning yangi guruhi Yevropa tomon xatarli safarini boshlamoqda.

Avstriya Tashqi ishlar vaziri Sebastyan Kursning aytishicha, bu Yevropa uchun Ikkinchi jahon urushidan beri eng katta gumanitar ofat. Odamlar Suriya, Afg'oniston, Iroq, Eritreya, Somalidagi mojarolar va qashshoqlikdan qochmoqda.

Yevropadagi ayrim nashrlar AQSh va NATOni bu mojarolar sababchisi sifatida ko'rmoqda.