Yevropa Komissiyasi raisi Jan Klod Yunker Yevropa davlatlarini 160 ming qochqinni qabul qilishga undamoqda. Gretsiya, Italiya va Vengriya ortiq bu muammoni yolg'iz ko'tara olmaydi, deydi u.
Yevropa parlamentida so'zlar ekan, ittifoqni birdamlikka chaqirdi. Qochqinlar bilan shug'ullanishni majburiy qilib qo'yish kerak, deydi u.
Yaqin Sharq, Afg'oniston va Afrika davlatlaridan kelayotgan bu odamlarni joylash masalasini kelasi hafta Yevropa Ittifoqi ichki ishlar vazirlari majlisida muhokama qiling, deya undaydi u.
Boshpana so'rab murojaat qilayotgan bu insonlarning ishlashiga ham ruxsat bering, deydi u.
Komissiya qochqinlarni kvota asosida taqsimlash kerak, deya taklif qilayapti. Rejaga ko'ra, Germaniya, Fransiya va Ispaniya qochqinlarning eng ko'pini qabul qilishi kerak.
Jan Klod Yunker biror davlatni aniq aytmasa-da, qochqinlarga eshiklarini ochmayotgan yurtlarni tanqid qildi. Yevropa o'z tarixidan xulosa chiqarishi kerak - millionlab yevropaliklar asrlar davomida diniy va siyosiy ta'qibdan qochishga majbur bo'lgan, deydi u.