Qurol nazoratini targ’ib qiluvchi guruh dinga murojaat qilmoqda

  • Amerika Ovozi

AQShda qurol nazoratini targ’ib qiluvchi “Everytown for Gun Safety” (Hamma shaharlar qurol xavfsizligi uchun) tashkiloti o’ndan ortiq diniy yetakchilarni fuqarolarni noyabr saylovlarida qurol nazoratiga xayrixoh nomzodlarga ovoz berishga chaqirishga ko’ndirdi.

Bu yilgi saylov kampaniyasida 60 million dollar sarflashni rejalayotgan tashkilot barcha din vakillarini bu ishga jalb qilmoqda.

“Qizil maktub nasroniylari” deb nomlangan injilchi guruh prezidenti Sheyn Kleborn hamda Birlashgan Iso cherkovi xodimi va “Qora tanlilar hayoti muhim” harakatining yetakchi a’zosi Treysi Blekmon shu tashabbusga qo’shilgan.

Bir paytlar abortlarga qarshi bo’lgan, ammo keyinchalik qarashlarini o’zgartirgan ruhoniy Rob Shenk ham shular qatorida ekan, qurol zo’ravonligini hayot-mamot masalasi deb ataydi.

"Cherkovlar, ayniqsa oq tanli injilchilar cherkovlari bu masalani ko’pdan beri e’tiborga olmay keladi. Bu bilan ular o’zlari va ibodatga kelayotgan omma zarariga xizmat qilmoqda”, - deydi Vashingtondagi Ditrix Bonxoffer institutiga rahbarlik qiluvchi Shenk.

Unga ko’ra, “Everytown for Gun Safety” tashabbusi nafaqat ulamo va ruhoniylar, balki jamoatning e’tiqodli va o’qimishli qatlamini ham nomzodlarning qurol nazoratiga doir qarashlari va siyosatidan boxabar qilmoqchi.

“Xudodan o’zingiz qo’l urishni istamagan narsalar haqida so’ramang. Agar qurol bilan bog’liq zo’ravonliklar kamayishini istasangiz, bu yo’nalishda harakat qilishga tayyor turishingiz kerak”, - deydi Shenk.

“Everytown for Gun Safety” tashkilotiga Nyu-York meri, milliarder Maykl Blumberg asos solgan bo’lib, 6 million tarafdorga ega. Guruh Demokratik partiyadan prezident saylovlarida ehtimoliy nomzod, sobiq vitse-prezident Jo Baydenni qo’llab-quvvatlab chiqdi. O’tgan oy Bayden ibodat uylari xavfsizligini oshirish taklifi bilan chiqdi.

“Qurolli zo’ravonliklarning ibodatxonalardagi halokatli ta’siriga bevosita guvoh bo’lgan diniy jamoalar Amerikada bu baloni to’xtatishni o’zlarining favqulodda ma’naviy burchi deb biladi. Shu maqsadda ular o’z tarmoqlaridagi odamlarni 2020-yilda qurol xavfsizligiga doir choralarni qo’llab-quvvatlovchi nomzodlarga ovoz berishga chaqira boshlagan”, - deydi “Everytown for Gun Safety” tashkiloti rahbarlaridan biri Anjela Ferel-Zabala.

Ikkinchi muddatga saylanishga umid qilayotgan Prezident Donald Tramp qurolga egalik qilish huquqlari tarafdori bo’lib, Kongressni bunga doir qonunlarni kuchaytirishga chaqiradi. “Everytown for Gun Safety” tashkilotining bir necha ko’zga ko’ringan dindor a’zosi Tramp tanqidchilaridan.

“Amerika qurol egalari” tashkilotida yuridik maslahatchi Maykl Xemmond Barak Obamaning 2008-yilda prezidentlikka nomzod bo’lgan paytidagi gaplarini esga olib, ishchilar sinfiga mansub hukumatdan norozi saylovchilar dindor va qurolga xayrixoh saylovchilar o’rtasidagi bog’liqlikni aniqlash harakatida qurol yoki dinga yopishadi, deydi.

Xemmondning aytishicha, AQSh Konstitutsiyasining [qurolga egalik qilish huquqini kafolatlovchi] Ikkinchi tuzatishini qadrlaydigan odamlar vatanga muhabbat, chuqur e’tiqod kabi qadriyatlar va konservativ qarashlarga egadir.

Xemmond o’tgan yil dekabrida Texasdagi cherkovda ikki odamni o’ldirgan jinoyatchini jamoatning yonida shu payt quroli bo’lgan bir a’zosi to’xtatganini eslatarkan, o’z xohishiga ko’ra quroldan voz kechgan diniy jamoalar fojiaga yuz tutgan, deb aytadi.

“Everytown for Gun Safety” tashkiloti saylovgacha dindor amerikaliklar uchun qurol mavzusiga doir 50 ga yaqin tadbir o’tkazib, ovoz berish uchun ro’yxatdan o’tmagan fuqarolarni shunga da’vat etmoqchi. Tadbirlar, asosan, prezident va Kongress saylovlarida kurash keskin o’tishi kutilayotgan Arizona, Jorjiya, Florida, Michigan, Shimoliy Karolina, Pensilvaniya va Viskonsin shtatlarida o’tkaziladi.