2009-yilda al-Qoidaning bosh amerikalik targ’ibotchisi Jessi Morton internetda “Jihod xotiralari” degan onlayn nashr boshlagan edi. Bir necha yildan so’ng “Islomiy davlat” jangari to’dasi “Jihod xotiralari”dan ruhlanib, “Dabiq” va “Rumiya” degan jurnallar chop etdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Jessi Morton bugunda qarama-qarshi faoliyat bilan shug’ullanmoqda. U asos solgan yangi jurnal endi jihodchilarning internetdagi targ’ibotiga qarshi kurashmoqda.
Ikkita bir-biriga o’xshash jurnal muqovalari. Biroq mazmun jihatdan bir-biriga teskari – biri xalifalikni ulug’lasa, ikkinchisi uning zo’ravonliklarini ko’rsatadi.
“Jihodchilar orasida o’ta muvaffaqiyatli bo’lgan shakl va vositadan foydalanyapmiz. Har ikkisida muvaffaqiyat qozonsak, jihodchilar merosiga nuqta qo’ysak bo’ladi”, - deydi Jessi Morton.
Al-Qoidaning amerikalik sobiq bosh tashviqotchisi “Amerika Ovozi” bilan gaplashishga rozi bo’ldi, biroq qayerda ekanini aytmadi. Bir paytlar jihodchilar orasida eng ommabop jurnalga asos solgan Morton endi “Ahul-Taqva” jurnali orqali ularning tashviqotiga qarshi kurashmoqda.
“Oldin odamlarning o’ldirilayotgani tasvirlangan suratlarni qo’yib, bu ish gunoh emasdek ko’rsatardik. Bu jurnalda esa ko’cha to’la murdalar surati joylashtirilib, ular orasida jasad solinadigan qop yonida yotgan qo’g’irchoqni ko’rsa bo’ladi”, - deydi Morton.
39 sahifadan iborat jurnal sifati bilan jihodchilar chiqarayotgan jurnallardan qolishmaydi. Biroq “Ahul-Taqva”da “Islomiy davlat” mafkurasi o’zgacha yoritiladi. Mortonning aytishicha, uning jurnali jihodchilarni o’ldirishga chaqirmaydi, balki ularning soxta g’oyalari va maqsadlarini yo’q qilishni ko’zlaydi.
Nyu-York politsiya boshqarmasining razvedka idorasini bir paytlar boshqargan Mitch Silber Morton bilan hamkorlik qilmoqda.
“Islomiy davlat” tashkilot sifatida, xalifalik sifatida qattiq zarba yegan bo’lsa-da, harakat sifatida hali ham faol”, - deydi u.
Jurnal chiqarishdan tashqari Morton va Silber “Parallel tarmoqlar” degan tashkilotga asos solib, sobiq jihodchilar va boshqa ekstremistlarni to’g’ri yo’lga qaytarishga harakat qiladi.
“Odamlarni jihod yo’lidan qaytarish uchun nafaqat to’g’ri so’z topish kerak, balki bu so’zlarni “Islomiy davlat” mafkurasiga chalingan odamlar diqqatini o’ziga tortuvchi vositalar orqali yetkazish ham kerakligini angladik”, - deydi Silber.
Jurnal nafaqat jamiyatda munozaraga turtki bo’ldi, balki uning asoschilari hayotiga do’q-po’pisalar yog’ilishiga ham sabab bo’ldi.