Jinoyatchilar o’z hayotini tubdan o’zgartirib, to’g’ri hayotga qaytgani haqida ko’plab hikoyalar, misollar bor. Jihodchilar, terrorchilar orasida ham shunday insonlar bor. Bugun sobiq bir jihodchi haqida hikoya qilmoqchimiz. U nafaqat bu yo’ldan qayta oldi, balki ayni damda yosh musulmonlarni radikallashishdan qaytarishda yordam bermoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
“Amerika yeringizni, tabiiy boyliklaringizni egallab, yaqinlaringizni o’ldirmoqchi!”
Jessi Morton 2009-yilda mana shunday bayonotlar qilar edi. Musulmoncha ismi Yunus Abdulla Muhammad bo’lib, AQShda al-Qoida reklamasi bilan shug’ullanar edi.
Bunday reklamaga uchganlar ham bo’ldi. Uning “Inqilobiy musulmon” deb nomlangan guruhi tashviqoti ta’sirida 15 ta xuruj amalga oshirildi.
Nyu-York shahar politsiyasining maxsus bo’limini bir vaqtlar boshqargan Mitchell Sayberning besh yillik harakatlari natijasida Jessi Morton qo’lga olindi.
“Jessi yoki Yunus Abdulla Muhammadni tutish oson bo’lmadi”, - deydi u.
Biroq bugun ikkovlon bir maqsad yo’lida umumiy tahdidga qarshi birga harakat qilmoqda.
“Jihodchilarning taktikasi deyarli o’zgarmagan”, - deydi sobiq terrorchi.
Ikki sobiq raqib “Parallel tarmoqlar” deb nomlangan kompaniyaga asos solib, normal hayotga qaytishni istagan amerikalik sobiq jihodchilarga maslahatlar berib, kun ko’rmoqda.
“Maqsad – ularni zo’ravonlik yo’lidan qaytarish”, - deydi yana bir sobiq jihodchi.
Shokir Masriy al-Shabab jangari guruhi uchun shahid bo’lishga rozilik bildirgani uchun yetti yil qamoqda o’tirib chiqdi.
“Guruhdan chiqish bilan radikal g’oyalardan xoli bo’lish ikki xil tushunchadir”, - deydi Jessi.
11 yillik qamoq jazosining uch yilini o’tab bo’lganidan so’ng Jessi Federal qidiruv byurosi bilan hamkorlik qila boshladi. U Amerika qamoqxonalarida ekstremistlarni radikallikdan qutqaruvchi dasturlar yo’qligidan shikoyat qiladi.
“Bu borada biror ish qilingani yo’q”, - deydi u.
Qamoqdan chiqgach, Morton narkotiklarga berilib, yana panjara ortiga tushdi. Hukumat sobiq ekstremistlarni jamiyatga qaytarishga ojiz, deydi Morton.
“Ekstremist tashkilotlar bir kunda o’zgarishi mumkin. O’ta yengil va moslashuvchan ular”, - deydi u.
“Parallel tarmoqlar” kompaniyasi islomni yaqinda qabul qilgan sobiq jihodchilar bilan ishlaydi. Ulardan biri Tanya Joyiya. U “Islomiy davlat” jangari to’dasi tizimida yuksalgan amerikalik erini tashlab, to’rt farzandi bilan Suriyadan qochgan.
“Ayollarni odam qatorida ko’rishmaydi”, - deydi bu ayol.
Endi Joyiyaning o’zi ham “Parallel tarmoqlar”da sobiq terrorchilar reabilitatsiyasi bilan shug’ullanmoqda.