Faollar Sovet davridan qolgan qonunlar o'zgarishini istaydi

  • Amerika Ovozi

Bir qator faollar Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarini jinsiy zo’ravonlikka oid Sovet davridan qolgan qonunlarni o’zgartirishga chaqirmoqda. Ularga ko’ra, mavjud qonunlar jinsiy zo’ravonlarni himoyalab, majburiy nikoh, kelin o’g’irlash kabi holatlarni rag’batlantiradi.

Ayollarga nisbatan ayirmachilik ruhida tuzilgan bu qonunlarda jinsiy zo’ravonlik uchun, ko’pincha, ayollarning o’zlari ayblanadi va ular tazyiq o’tkazganlar bilan yarashishga va hatto turmush qurishga undaladi.

“Hujum qilganlarni jazoga tortish o’rniga bu qonunlar jinsiy zo’ravonlik qurbonlarini adolatdan to’sadi. Davlatlar bu qonunlarni tuzatib, jazodan quruq qolish amaliyotiga chek qo’yishi kerak”, - deydi Gruziyada inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi advokat Tamar Dekanosidze.

“Equality Now” xalqaro tashkiloti dunyo bo’ylab xotin-qizlarni zo’ravonlik va kamsitishdan himoyalash faoliyati bilan shug’ullanadi. Tashkilotga ko’ra, sobiq Sovet Ittifoqidagi 15 davlatdan 10 tasida jinsiy zo’ravonlik sodir etilganda darhol jinoiy ish qo’zg’ash amaliyoti yo’q. Adolatni tiklash majburiyati, odatda, jabrdiydalar zimmasida bo’ladi.

Ko’p hollarda politsiya jinoiy ish qo’zg’atishdan ko’ra, bosti-bosti qilishni afzal biladi, deydi advokat Dekanosidze. Jabrlanuvchiga zo’ravonlikni sodir etgan kimsa, uning qarindoshlari, hatto o’z oilasi ham da’vo ochmaslikni so’rab bosim o’tkazadi.

Tajovuzkor ba’zan jabrlanuvchiga pul taklif qilib yoki sharmandalikdan qutqarish uchun turmush qurishni va’da berib kelishishga urinadi”, - deydi advokat.

“Equality Now” tashkilotining 2019-yilgi hisobotiga ko’ra, sobiq Sovet davlatlarining to’qqiztasi - Belarus, Moldova, Ukraina, Litva, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, O’zbekiston va Rossiya jinsiy zo’rlash jinoyatini kelishuv asosida yopishga ruxsat beradi.

Amaldagi qonunchilikda zo’rlashga zo’ravonlik yoki zo’ravonlik tahdidi bilan jinsiy aloqa qilish, deb ta’rif berilgan.

Tashkilot mintaqa davlatlarini jinsiy zo’ravonlikka oid bunday yondashuvni o’zgartirishga da’vat etib keladi. Birinchilardan bo’lib Ukraina hukumati o’zgarishga qo’l urib, o’zaro roziliksiz bo’ladigan har qanday jinsiy aloqa zo’rlash deb ataladigan me’yorni joriy etdi. Bu bilan u Shvetsiya va Islandiya kabi davlatlar yo’lidan yurdi.

Ukrainadagi bu o’zgarish “Equality Now” hisoboti chiqishidan bir hafta oldin ro’y berdi.

Hisobotda sanab o’tilgan davlatlarda jinsiy zo’ravonlik holatlari haqida aniq raqamlarni topish qiyin. Biroq BMT ma’lumotiga ko’ra, dunyo bo’ylab xotin-qizlarning uchdan bir qismi jismoniy yoki jinsiy zo’ravonlikni boshdan kechiradi.

Shuningdek, hisobotda ba’zi Yevrosiyo mamlakatlarida kelin o’girlash, majburlab yoki balog’atga yetmay turmushga berish holatlari hanuz davom etayotgani va jazosiz qolayotgani tilga olinadi.

Balog’atga yetmaganlar nikohi yuqoridagi barcha davlatlarda noqonuniy hisoblansa-da, zo’rlangan qizlarni sharmandalikdan asrash maqsadida turmushga berish odatiga ruxsat berilgan.

Bunday vaziyatlarda jinoyat o’rganilmaydi, zo’rlikni sodir etgan kimsa, ko’pincha, turmush qurish bilan javobgarlikdan qutilib qoladi. Kelin o’g’irlashda esa nomusga tegish orqali majburiy nikohga erishish maqsad qilinadi, deyiladi hisobotda.

Dekanosidze Gruziyada 15 yoshli qizni ikki erkak zo’rlaganini; u jinoyat haqida xabar berganda esa, ota-onasi qizni zo’rlaganlardan biriga turmushga chiqishga majburlaganini misol qilib keltiradi.

Advokat qonunlarga o’zgartirish kiritishni jinsiy zo’ravonlikka qarshi kurashning eng samarali yo’li deb biladi.

“Qonunlar aholi ongini, qarashlarini o’zgartirishi mumkin. Bu bilan jinsiy zo’ravonllikka endi hech kim toqat qilmasligini ommaga yetkazish mumkin”, - deydi Dekanosidze.