"Ezgulik": O'zbekistondagi siyosiy mahbuslarni unutmaylik

  • Amerika Ovozi

23-24 iyun kunlari Toshkentda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining yillik sammiti o'tadi

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Yevropa Ittifoqi, AQSh, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti hamda Toshkentdagi elchixona va vakolatxonalarga murojaat qilib, ularga qamoqdagi faollar taqdiri haqida eslatmoqda.

23-24 iyun kunlari Toshkentda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining yillik sammiti o'tadi. Unda a’zo davlatlarning rahbarlari qatnashadi.

O'zbekiston hukumati, deya qayd etadi "Ezgulik", panjara ortidagi faollar bilan uchrashishga ruxsat berib, ularning sog‘ligi va ahvolidan xabar olish uchun imkoniyat yaratib berishi lozim.

“Ezgulik” 2013-yildan beri O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi ma’muriyatiga to'xtovsiz murojaat qilib, mahbuslar bilan uchrashish uchun ruxsat so'raydi.

Tashkilot xalqaro organlar, AQSh rasmiylari va diplomatik korpus vakillari aralashuvi bilan Solijon Abdurahmonov, A’zam Turg‘unov hamda Dilmurod Sayyid bilan qisqa ko'rishishga muvaffaq bo'lgan.

"Ammo fuqarolik jamiyatining turli uydirmalar bilan qamoqlarda saqlanayotgan 10 dan ortiq vakillarining ahvoli qorong‘iligicha qolmoqda",- deyiladi "Ezgulik" 16-iyun kuni chiqarqan bayonotida.

"Aslida bir necha yillardan beri qamoq jazolarini o‘tayotgan fuqarolik jamiyatining vakillari hatto aybli bo‘lganida ham har yili e’lon qilinadigan amnistiyalar sharofati bilan hozirda ozodlikda bo‘lishlari lozim edi. Ayniqsa, “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi munosabati bilan qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, qamoqda qolayotgan Bobomurod Razzoqov, Solijon Abdurahmonov, A’zam Turg‘unov hamda G‘anixon Mamatxonovlar 60 yoshdan oshgani tufayli ozod qilinishi lozim edi."

Jasliqda A’zam Turg‘unovning jazo muddati yana 5 yilga uzaytirilgan. Navoiyda Isroiljon Xoldorov yana 3 yilga qamoqda qoladi.

Xalqaro hamjamiyat o'z vatanida adolat uchun kurashgani uchun zindonband qilingan bu insonlar taqdiriga ko'z yuma olmaydi, deydi huquq faollari. O'zbekiston bilan hamkorlik qiladigan davlatlar hukumatni o'z fuqarolari huquqlarini poymol etmaslikka undashi va qonun ustuvorligini targ'ib qilishi lozim.