Soxta xabarlar - jurnalistikada katta muammo

  • Amerika Ovozi

Jurnalistikada soxta xabarlar jiddiy muammoga aylangan. AQSh Teleradio kengashi va Jorj Vashington universitetining jurnalistika fakulteti Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan shu mavzuda forum uyushtirdi.

Forum ishtirokchilari dunyoda haqiqiy xabarlarga ehtiyoj katta ekanini, ba’zi hukumatlar bunday xabarlarni cheklashga urinayotganini ta’kidlab o’tdi.

“Axborotni nazorat qilish boshqaruv quroliga aylangan. Aniq ma’lumot to’plash qiyinlashgan, ayrim hollarda esa hatto xavfli", - deydi AQSh Milliy jamoatchilik radiosi muharriri Maykl Oreskes.

Teleradio kengash rahbari Jon Lansingning aytishicha, axborotni qurolga aylantirish kuchaygan.

“Kreml siyosatiga nazar tashlaydigan bo’lsak, shunchaki soxta xabarlar tarqatilmayapti, bu strategiyaga aylangan. Bunday rejimlar fakt va dalillarni savol ostiga qo’yishga harakat qiladi. Turkiyada ham shunga guvoh bo’lyapmiz”, - deydi Lansing.