Prezident Donald Tramp ommaviy so’rovlarda raqibidan orqada bo’lsa-da, mamlakat dehqonlari uni qo’llab-quvvatlaydi. Tramp yangi savdo bitimlari va qishloq xo’jaligi sektoriga muntazam yordami bilan ularning ko’nglini qozongan.
2020-yilda Ron Mur Xitoy bilan savdo urushi davom etishini kutgan edi. U Illinoysdagi dalalarida yetishtiradigan soyaning asosiy xaridori – Xitoy. Global pandemiya bo’lishini kutmagandim, deydi Mur. Oziq-ovqat ta’minotida yuz bergan uzilishlar natijasida chorva mollari va yem-xashak narxi tushib ketdi.
“Ozuqa donlariga talab pasayib ketdi”, - deydi fermer.
AQSh Qishloq xo’jaligi vazirligiga ko’ra, savdo urushi fonida soya 2014-2019 yillar davomida 35 foizga arzonlashdi. Pandemiya sabab Xitoy ham ko’p mahsulot xarid qilmay qo’ygan.
Vendel Shoman yetishtiradigan asosiy ekinlardan biri, makkjo’xori narxi esa 2014-2019 yillar orasida 44 foizga pasaydi.
“Yil bo’yi kutganimdek daromad ko’ra olmadim”, - deydi u.
Har ikki fermerning aytishicha, Qishloq xo’jaligi vazirligi yo’lga qo’ygan dastur ularga katta yordam bo’ldi. Tramp ma’muriyati savdo bo’yicha muzokara olib borar ekan, 2018-yildan buyon fermerlarga yordam puli berilyapti.
“Subsidiyasiz ba’zilarning yeyishga noni ham qolmasdi”, - deydi Shoman.
Buni ham ko'ring Dehqon va zamon“Hukumat yordami ayni muddao. Moliyaviy ahvolimiz yaxshilanishi uchun narxlar ko’tarilishi, talab oshishi kerak”, - deydi Ron Mur.
Joriy yilning aprelida Tramp ma’muriyati fermerlarni qo’llab-quvvatlash uchun 19 milliard dollar ajratdi. Sentabrda fermerlar uchun yana 14 milliard dollarlik yordam dasturi e’lon qilindi. Illinoys Fermerlar byurosi vakili Adam Nilsenga ko’ra, 2016-yildan buyon 100 milliard dollarlik madad ijobiy natija bergan.
“Fermer xo’jaliklarini bankrotlikdan asrab qoldik. Subsidiyalar tufayli ular urug’lik va o’g’it sotib olishga muvaffaq bo’ldi”, - deydi Nilsen.
Shomanga ko’ra, hukumat ko’magi bu ko’lamda uzluksiz davom etolmaydi.
“Hukumat hammani ta’minlab turishi uchun mablag’ yetarli emas”, - deydi u.
Shoman savdo masalasida progress bo’layotganini aytadi. Xitoy bilan doimiy kelishuvga erishilishiga umid qiladi:
“Tramp fermerlarga yordam ajratmasligi ham mumkin edi. Asosan Nyu-Yorkda ish yuritgan, qishloq xo’jaligi haqida ko’p bilmaydigan odam bizni qo’llab-quvvatlayotgani meni hayron qoldirdi. Qarorlarini ma’qullayman, lekin ba’zida o’zini tutishidan, qo’pol gapirishidan hafsalam pir”.
Shuning uchun Shoman demokratlar nomzodi Jo Baydenning hamkorlik, hamjihatlik to’g’risidagi gaplarini ham ma’qullaydi.
“Odamlar bir yoqadan bosh chiqarishi kerak”, - deydi u.
Ammo fermer iqlim o’zgarishiga qarshi kurashish uchun AQSh iqtisodiyotini butunlay isloh qilish takliflariga qarshi.
Buni ham ko'ring AQSh dehqon va chorvadorlariga 19 milliard dollarlik yordam“Batareyada yuradigan traktorlar haqida hech kim gapirmayapti. Nima bilan ekin ekaman?”, - deydi Shoman.
Sentabr oxirida qishloq ahli bilan o’tkazilgan so’rovda “kimni tanlaysiz” deb so’ralganda, Tramp Baydendan 17 foiz ko’proq ovoz olgan. Shuningdek, fermerlarning 59 foizi hukumat berayotgan milliardlab dollar ko’makdan mamnun ekanini aytadi.
“Kim nima deyishidan qat’i nazar shunisi aniqki, Prezident Tramp qishloq xo’jaligiga asoslangan shtatlarga e’tibor qaratdi. Oldingi yillarda bunday bo’lmagan”, - deydi yana bir fermer Evan Haltin.
Qishloq joylarida Trampning reytingi baland, ammo ikkinchi muddatga umid qilayotgan prezident umumiy hisobda raqibidan orqada. Shu bois Tramp saylov oldidan shoshilinch tarzda yordam dasturlarini kengaytirmoqda, degan da’volarni Oq uy asossiz deya rad etadi.