AQSh birjalarida aksiyalar bahosi keskin ko’tarilayotgan va ishsizlik qisqarayotgan bir paytda qishloq xo’jalik mahsulotlariga talab va narx tushib ketgan, amerikalik fermerlar o’g’it va urug’larni qimmatroq narxda sotib olishga majbur. “Amerika Ovozi” ushbu sohadagi vaziyatga nazar tashlaydi.
Illinoys shtatining Dekatur shahrida bu yil o’tgan an’anaviy fermerlar ko’rgazmasida dunyoning turli chekkalaridan soha mutaxassislari to’plandi. Ishlab chiqaruvchilar va ta’minotchilar o’zlarining so’nggi mahsulotlari va texnikasini ko’z-ko’z qildi.
Fermerlar ko’rgazmada ishining samaradorligini oshiradigan, og’irini yengil qiladigan mahsulotlarni izlamoqda. Ammo Jeff Fisherga o’xshash fermerlar hozircha faqat tomosha bilan cheklanmoqda.
“Mening orqamdagi o’rta hajmdagi ko’chatchi mashina 250 ming dollar turadi. Bugungi andozalar bo’yicha bu katta ko’chatchi ham emas. Uni sotib olishni istayman, ammo o’ta qimmatligi uchun qurbim yetmaydi”, - deydi u.
Fisher eng so’nggi bor yangi texnikani besh yil oldin sotib olgan. Daromadni ham so’nggi bor o’shanda ko’rgan edi.
“Qishloq xo’jaligi iqtisodiyoti og’ir kunlarni boshdan kechirmoqda. Daromad olish qiyinlashdi. Makkajo’xorini yetishtirish tayyor makkani sotib olishdan ancha qimmatlashdi”, - deydi Fisher.
AQSh Qishloq xo’jaligi vazirligining bildirishicha, 2016-yil fermerlar uchun so’nggi yetti yilda eng kam daromadli davr bo’ldi. 2017-yilda vaziyat sal yaxshilanishi mumkin. Biroq ishi yurishmayotgan yolg’iz fermerlar emas.
“Mashina ishlab chiqaruvchilari uyushmasiga ko’ra, qishloq xo’jaligi texnikasi savdosi ancha tushib ketgan, “Caterpillar”, “Deere” kabi kompaniyalar bundan tashvishda”, - Tamara Nilsen.
Illinoys ferma byurosi xodimining aytishicha, texnika yaxshi sotilmasa, ishlab chiqarishda ish o’rinlari qisqarishi mumkin.
“Agar fermerning texnikani sotib olishga qurbi yetmasa, uni ishlab chiqarishda qatnashgan 25 ishchi hamda po’latni toblagan po’latchilar, qismlarini ishlab chiqargan odamlar ham ishidan mahrum bo’ladi. Demak, bozor fermerga to’g’ri kelishi kerak”, - deydi u.
Fermer Mark Bremer keyingi yilgacha amallab olsak, shunisiga xursandmiz, hozirgi tashvishimiz shu, deydi.
Bremer Illinoys janubidagi fermasida makkajo’xori va soya loviyasini yetishtiradi, chorvasi bor. Fisher kabi u ham eski texnikadan foydalanishga majbur.
“Yangisini olishni istardik, albatta, ammo arzonroq bo’lsa ekan. Yangi texnologiyalar ancha qimmat”, - deydi u.
Bremer undan bunday imkoniyat qachon bo’lishini bilmaydi. Ustiga-ustak, quruq mavsum sabab hosil yaxshi bo’lmasligi mumkin.
“Yomg’irni ham, arzonroq narxlarni ham, hosilni ham hech kim kafolatlay olmaydi, bu doimiy muammo, amallashga majburmiz”, - deydi dehqon.
Keyingi yil yaxshiroq bo’lishiga ham kafolat yo’q. Ammo Jeff Fisher umidini uzgani yo’q.
“Vaziyat hali beri tekislashmasa kerak. Hozirgidan battar bo’lmasa bo’ldi”, - deydi u.
Fermerlarning yana bir tashvishi hosilning qanday kelishi. Yana bir necha haftadan so’ng bunga javob olsa bo’ladi.