Fazliddin Qurbonov sudi ketidan bir vatandosh xulosasi: Yoshlar, ogoh bo'ling!

Fazliddin Qurbonov 2013-yilning 16-mayida Aydaxo shtatining Boyzi shahridagi uyida hibsga olingan edi

O’zbekistonlik muhojir, ikki yildan beri AQShda hibsda o’tirgan 33 yoshli Fazliddin Qurbonov 12-avgust kuni Aydaxo shtatining Boyzi shahridagi federal sudda terrorizmda aybdor deb topildi. Maxsus hay’at Qurbonovga qo’yilgan besh ayblovdan uchtasi asosli deb xulosa qilgan, jumladan terrorist tashkilotga madad ko’rsatishga uringanlik va xuruj rejalaganlik. Himoyachi deydiki, Qurbonov quruq gap bilan cheklangan, aslida biror jinoiy qadam tashlamagan. Advokat Chak Peterson yuqori sudga arz qilish niyatida. Hozirgi hukm bo'yicha jazo noyabr oyida belgilanadi. Qurbonov kamida 10 yillik qamoq jazosi bilan yuzlashmoqda.

Fazliddin Qurbonov nasroniylikka kirgach vatanda hayoti xavf ostida qolganini aytib, 2009-yilda Amerikadan siyosiy boshpana olgan.

Biroq Islom Karimov boshliq tuzumga nisbatan nafrati va qarshiligi sabab O’zbekiston islomiy harakatidek kuchlarga ham yordam berishga shay ekanini aytib yurgan. Federal qidiruv byurosi uning ketiga tushib, maqsadlarini o’rgana boshlagan, maxsus agentlar orqali.

Fazliddin Qurbonov Yuta va Aydaxo shtatlarida portlovchi moddalar yasash uchun zarur mahsulotlar xarid qilgach, hibsga olingan. Byuro hujjatlarida shunday deyiladi.

Sud paytida advokat Federal qidiruv byurosini Qurbonovning huquqlarini poymol etganlikda va uning xatti-harakati haqida asossiz va xato xulosa qilganlikda qoraladi.

Shuhrat Ahmadjonov, o’zbekistonlik huquq faoli, uzoq yillardan beri muxolifat safida yurgan va bugungi kunda AQShda yashayotgan vatandoshlardan biri, Fazliddin Qurbonov sudini kuzatdi.

Asosiy xulosalari qanday? Ahmadjonov sudlanuvchining oilasini taniydi. Uning aytishicha, oilaning dardi og'ir.

Your browser doesn’t support HTML5

Fazliddin Qurbonov sudini kuzatgan Shuhrat Ahmadjonov bilan suhbat - Navbahor Imamova

Tabiiyki, Fazliddin Qurbonovning hibsga olinishi, aybdor deb topilishi va uzoq yillik qamoq jazosi ehtimoli o'g'li ketidan Amerikaga kelib yangi hayot boshlagan ota-ona, singil, rafiqa va shu yerda tug'ilgan farzand uchun haqiqiy fojia.

Fazliddin Qurbonovning sudda chizilgan tasviri

Advokat Chak Peterson Fazliddin Qurbonov ishi yuzasidan yozgan blogida shunday xulosa qiladi:

"Hay'at noto'g'ri xulosaga kelgan bo'lsa, men o'zim shunday fikrdaman, bu ularning xatosi emas. Axir ular qarshisidagi yosh yigit bu davlatda xuruj qilish, kimyoviy moddalar yig'ish va portlatish haqida so'zladi. Ular o'yladiki, bu xavfli odam. Mening nazarimda, u aldangan shaxs. Ular tahdid manbaini ko'rishdi va qo'rqishdi. Qaniydi ular men ikki yildan beri bilgan yosh yigitni ko'ra olishganida. Balki uni aybsiz deb topishgan bo'lar edi".