AQSh hukumati va Kongress so’nggi besh yilda to’rtinchi bor byudjetga kelisha olmayotgani sabab hukumat faoliyati to’xtagan. Bu gal qisman. Davlat idoralarining choragi eng kamida payshanba kunigacha yopiq bo’ladi. Qonunchilar Prezident Donald Tramp AQSh-Meksika chegarasida devor qurilishiga so’rayotgan pulni bermayotgani shunday oqibatlarga olib keldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Qonunchilar Rojdestvo bayramidan so’ng ishga qaytganda masalani muhokama etadi, biroq Oq uy bilan murosa bo’lishiga kafolat yo’q. Prezident Tramp devor qurilishi uchun Kongressdan 5,7 milliard dollar so’ragan, ammo qonunchilar uning talabini qondirmadi.
Trampning aytishicha, noqonuniy immigratsiya, inson va qoradori savdosi, xorijiy jinoyatchilarning Amerikaga kirishining oldini olishning eng yaxshi yo’li bu – devor.
“Devor bo’ladimi yo tirnoqli panjara, chegara xavfsizligini ta’minlash kerak”, - dedi Tramp.
Hozircha respublikachilar ko’pchilikni tashkil etayotgan Vakillar palatasi byudjetda devor uchun mablag’ ajratgan edi, ammo qonun loyihasi Senatda yetarlicha ovoz ololmasligi mumkin. Demokratlar oyog’ini tirab olgan. 2019-yilda quyi palatada kuchlar nisbati muxolifat foydasiga o’zgaradi.
“Chorani Senatdan o’tkazmaymiz. Na bugun, na kelasi hafta, na kelasi yili. Hukumat ishlasin desak, prezident devor qurilishidan voz kechsin”, - deydi demokratlarning Senatdagi sardori Chak Shumer.
Aksariyat respublikachi qonunchilar Tramp rejasini qo’llab-quvvatlamoqda.
“Vatanimiz xavfsizligini ta’minlash, chegaralarimiz nazoratini kuchaytirish, Amerika xalqini himoya qilish – har ikki partiya vakillari uchun ustuvor vazifa bo’lishi kerak emasmi?” – deydi respublikachilar sardori senator Mitch Makkonel.
Demokratlar devor qurilishi uchun pulni bir shart bilan bermoqchi edi – agar Oq uy Amerikaga bolaligida kelgan hujjatsiz muhojirlarga mamlakatda qolishga imkon yaratsa. Tramp bu taklifga ko’nmagan.
Tramp 2016-yilgi saylov kampaniyasi paytida AQSh-Meksika chegarasida devor qurib, noqonuniy immigratsiya oqimini to’xtataman, deb va’da bergan edi. Shu kungacha saylovoldi va’dalarining aksariyatini bajargan Tramp devorni qurdirish rejasida qat’iy.
Agar bu hafta hukumat faoliyatini davom ettirish bo’yicha kelishuvga erishilmasa, noyabrda Kongressga bo’lgan oraliq saylovlarda g’alaba qozongan demokratlar 3-yanvardan boshlab Vakillar palatasida ko’pchilikda bo’ladi va federal hukumatni qayta ochish uchun qonun qabul qilishi oson bo’ladi.