Har yili yuzlab xususiy transport samolyotlarida AQSh bo’ylab millionlab posilkalar tashiladi. “FedEx” kuryerlik kompaniyasining Memfis shahridagi markazi mijozlar posilkani o’z vaqtida olishini ta’minlash uchun surunkasiga faoliyat yuritadi.
“FedEx” kompaniyasining Memfis shahridagi markazi to’rt kvadrat kilometr maydonni egallaydi. Shirkat surunkasiga ishlaydi, ammo tun ish eng qizigan palla.
“Biz bu joyni “Memfis olami” deb ataymiz, chunki dunyo bo’ylab joylashgan barcha tarmoqlarimiz shu markaz orqali faoliyat yuritadi”, - deydi menejer Uolter Kirkmind.
22:00 dan boshlab yuk samolyotlari qo’na boshlaydi.
“Jarayon shundan boshlanadi. “Boing-767” samolyotidagi yuk tushiriladi. “FedEx” xizmatchilari konteynerlarni yerga tushirib, aravaga ortib, saralash sexiga yetkazishadi”, - deydi “FedEx” xodimi Rik Armstrong.
Har jamoada o’rtacha 12 ta odam ishlaydi. 50 tonnalik yukni 30 daqiqada tushirishlari kerak. Yuk qo’nayotgan samolyotlarga yaqin joyda saralangani bois xodimlar shovqinda ishlaydi va shu sabab maxsus quloqchin taqishga majbur. Ayni sababga ko’ra, xodimlar imo-ishora bilan aloqa qiladi.
“Jamoa tez ishlashga majbur. Bir samolyotdan ikkinchisiga o’tishadi”, - deydi Armstrong.
Katta konteynerlar g’ildirakli bo’lib, ularni surish oson. Posilkalarni saralash uchun konveyerga joylashtirishadi. Saralash sexida 10 mingdan ziyod odam ishlaydi. Ularning asosiy vazifasi qutilarning shtrix kodi yopishtirilgan tarafini tepaga qaratib konveyerga qo’yish.
Shundan so’ng maxsus skaner kodni o’qib, qutining og’irligi, hajmi va manziliga doir ma’lumotni chiqaradi.
“Memfis markazida har kecha 1,4 million posilka saralanadi. Kunduzi esa 700 mingta. Konveyerga qo’yilgan qutilar avtomatik ravishda saralanadi. So’ng ular konteynerlarga qayta joylanib, samolyotga olib chiqiladi”, - deydi Memfis markazi boshqaruvchisi.
Saralangan qutilarni 20 daqiqada konteynerga joylash kerak. “FedEx” hayvonlarni ham tashiydi. Masalan, Vashington hayvonot bog’idagi panda ayiqlarini Xitoyga jo’natishda “FedEx” xizmatidan foydalanilgan.Tyulenlar, boshqa turdagi ayiqlar ham shu tariqa sayohat qilgan.
“Samolyotga olib chiqish mumkin bo’lgan har qanday narsani mijozga yetkazib beramiz”, - deydi Uolter Kirkmind.
“FedEx” ixtiyorida 650 dan ko’p yuk samolyoti bor. Har biriga “FedEx” xodimi farzandining ismi berilgan.
“Falkon” rusumli ilk samolyotga raisimiz qizining ismini berishdan boshlandi. Keyin esa an’ana bir necha yil davom etdi”, - deydi menejer.
Barcha posilkalar saralanib manzilga jo’natilgach, tungi smena ishini saharga yaqin tugatadi. Ishchilar uylariga tarqalib, oqshom kelishi bilan ish yangidan boshlanadi.