AQSh Federal zaxirasi tizimi (Markaziy bank) raisi Jeroum Pauellning aytishicha, koronavirus tarqalishini sekinlashtirish maqsadida biznesini to’xtatishga majbur bo’lgan yuz minglab kompaniyalar xalq manfaatlarini o’ylab ish tutgan. Markaziy bank va boshqa davlat agentliklari inqiroz o’tib bo’lganidan so’ng bu kompaniyalarga iqtisodiy zararni qoplashda yordam berishga harakat qiladi, dedi u.
Pauellning aytishicha, AQSh ayni paytda iqtisodiy tanazzulga kirgan bo’lishi mumkin, biroq hozirgi inqiroz zaminidagi omillar oldingi tanazzullardan farq qiladi.
Mamlakat bo’ylab ko’plab amerikaliklar ishidan ayrilib, 3,3 million odam ishsizlik bo’yicha kompensatsiya uchun davlatga murojaat qilgan. Bu 1982-yilgi rekord ko’rsatkichdan salkam besh baravar ko’p.
"Hozirgi vaziyat o’ziga xosdir, doimiy tanazzuldan farq qiladi. Biz sog’liqni saqlash tizimiga sarmoya qilish uchun odamlardan iqtisodiy faoliyatini to’xtatib turishni so’radik. Ular buni xalq foydasi uchun qilishmoqda”, - dedi rasmiy.
AQSh Markaziy banki yuridik va jismoniy shaxslarning inqirozdan o’tib olishi uchun kredit olishini yengillashtirmoqda.
Prezident Tramp yirik va kichik bizneslar hamda oddiy amerikaliklarga moliyaviy ko’mak berishga qaratilgan 2,2 trillion dollarlik iqtisodiy yordam paketini imzoladi. Ushbu hujjatda kompaniyalarga kredit dasturi ko’zda tutilgan.
Moliya vazirligi esa 2019-yilgi daromaddan soliqlarni to’lash muddatini iyulgacha cho’zib, millionlab amerikaliklarga foizsiz kredit olish imkoniyatini yaratdi.
Hukumat banklardan qarzini vaqtida to’lolmayotgan kreditorlarga qarzdan qutulish uchun sharoit yaratishni so’ragan.