Uch kundirki, Missuri shtatining Ferguson shahri ancha tinchlangan. 9-avgustda bu shaharda qora tanli o’smir oq tanli politsiyachi tomonidan otib o’ldirilganidan beri to’polonlar avj olgan edi.
Federal tergov davom etmoqda. Adolat ta’minlanadi, deydi rasmiylar.
Ferguson ahli esa politsiya qilmishidan hamon g’azabda lekin odamlar bir-birini zo’ravonlikdan tiyilishga undamoqda.
Missuri shtati gubernatori Jey Nikson bu kunlar ham o’tib ketadi deydi. Asosan afro-amerikaliklar yashaydigan shaharda tartib tiklanmoqda. Odamlar namoyishlarni bas qilib, ishga qaytmoqda.
Maykl Braun ismli yigitni o’ldirgan politsiyachi Darren Uilson ishdan vaqtincha olingan va so’roq qilinmoqda.
To’polonlarda 150 kishi hibsga olingan. Aksriyati politsiyaga hujum qilishda ayblangan shaxslar.
Shahar politsiyasi irqchilikni odat qilib, aksariyati oqlardan iborat zobitlar qora tanlilarga qarshi haddan tashqari ko’p kuch ishlatganlikda ayblanadi.
Ikki politsiyachi internetda keskin gapirgani uchun tekshiruv ostida va ishdan olingan.
Darren Uilson qilmishi uchun adolat oldida javob bermasa, to’polonlar qayta avj olishi mumkin, deya ogohlantirmoqda faollar.
Tergovchilarga ko’ra esa avvalo bu voqea yuzasidan faktlar aniqlanishi lozim.
Maykl Braun politsiya bilan yuzlashishidan oldin bir do’konda o’g’rilik qilgani, do’kon egasini urganini aks ettiruvchi video mavjud. Lekin oldida quroli bo’lmagan.