Qora tanli o'smirni o'ldirgan oq tanli politsiyachi sudga tortilmaydi

  • Amerika Ovozi

Missuri shtatining Ferguson shahri beqaror - irqchilikka qarshi namoyishlar

Missuri shtatining Ferguson shahrida qora tanli o'smirni o'tib o'ldirgan oq tanli politsiyachi javobgarlikka tortilmaydi. Ishni tergov qilgan maxsus hay'at shunday qarorga keldi. Federal qidiruv byurosi ham tekshiruv olib borgan va o'xshash xulosaga kelishi kutilmoqda.

Ferguson tug'yonda. Norozilik namoyishlari qonli tus olishi mumkin degan xavotirlar bor.

Minglab odam ko'chada. Ular ichki ishlar xodimlarini zo'ravonlik va irqchilikda ayblaydi.

Qurollangan politsiya namoyishchilar yonidan jilmayapti.

Voqea 9-avgust kuni ro'y bergan edi. 28 yoshli politsiyachi Darren Uilson 18 yoshli Maykl Braunni bir do'kondan chiqib kelayotganida o'qqa olgan. Yigit bir necha joyidan yaralanib, halok bo'lgan. Braun do'konda o'g'rilik qilib, sotuvchini do'pposlaganini isbotlovchi video mavjud.

Politsiyachi jazosini olishi kerak degan talabidan qaytmagan.

Namoyishchilar deydiki, shahar va umuman butun shtat tizimida irqchilik chuqur ildiz otgan. Adolat yo'q, prokuraturaga ishonch yo'q, deya hayqirmoqda qora tanli xaloyiq.

Prezident Barak Obama jamoatchilikni tinchlanishga, bosiqlik bilan qadam tashlashga undamoqda.

Oq uydan turib hukmga nisbatan munosabat bildirar ekan, prezident Amerikada irqchilik muammosi chuqur ildizga ega ekani, qora tanlilar hokimiyatga, xususan adliyaga ishonmasligini tan oldi.

Maxsus hay'at qarori nima bo'lishidan qat'i nazar, Fergusonda mavjud muammolar hal bo'lib qolmas edi, deydi u.

Prezident bu masalada boshidanoq o'ta ehtiyotkorona so'zlab kelmoqda. U hech bir tarafning yonini olmaslikka harakat qilar ekan, Amerikaning birinchi qora tanli rahbari o'z irqdoshlariga yordam bermadi, degan tanqid kuchli.

Oktabr oyida Fergusonda 18 yoshli Vonderrit Mayers o'ldirilgan. Politsiya bu jinoyat yuzasidan sakkiz kishini hibsga olgan.