Amerika filmlari qayerda saqlanadi?

  • Amerika Ovozi

Amerika Film instituti va Kongress kutubxonasi yarim asrdan beri hamkor. Kino asarlarni birga asrab avaylab keladi. Kolleksiya – xalq boyligi.

Gollivud yulduzi Morgan Friman, Amerika Film instituti asoschisi Jorj Stivens va Kongressning yetakchi a’zosi Nensi Pelosi nazarida 50 yillik hamkorlik tarixiy jarayon. Bebaho kartinalarni saqlash sharafli vazifa.

“Kinolarimizning asl nusxalari yo’qolib ketmasligini ta’minlash burchimiz, juda yuksak ish”, - deydi Friman.

Amerika Film instituti 1967-yilda ochilganida, 20-asr boshidan beri yaratilgan kinolarning 90 foizdan ortig’i boy berilgan edi. Original nusxalar yo’q edi.

“Kongress kutubxonasi bilan birga ularni qidirdik va topdik. Tikladik. Bugungi kunda kolleksiyamizda 37 mingdan oshiq kartina bor. Ular noyob nusxalar. Har bir filmning eng sifatli kopiyasi bizda, ya’ni shu arxivda. Kongress kutubxonasida”, - deydi Jorj Stivens.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh kino xazinasi qayerda?

Kino yulduzi Morgan Friman filmlarni asrashda faol

Kutubxona eksperti Karla Heyden uchun ish hech qachon to’xtamaydi.

“Biz uchun dastlabki kino asarlarni saqlab qolish eng murakkab vazifa. Bunda ilg’or texnologiya qo’l keladi. Virjiniya shtatining Kalpeper shahridagi omborimizda maxsus sistema bor”.

Bu maskanga esa Vashingtondan mashinada ikki soatda yetasiz. Arxivda ishlaydigan mutaxassis Jorj Villeman kimyoviy jarayonlarni tushuntiradi. Uni tushunmasangiz, demak, ishimiz sizga qorong’i, deydi u.

"Lentada ishlatilgan azot kislota uzoq yillardan keyin buzila boshlaydi va lenta ishdan chiqadi, ayniqsa, agar lentada qandaydir nuqson bo’lsa. Lentaning sifati qanchalik yaxshi bo’lsa, u shunchalik chidamli, albatta. Uni qayerda saqlash ham muhim. Issiqqa chiday olmaydi. Tamom bo’ladi – kofe pirogga o’xshab qoladi”.

Amerika Film Insituti rahbari Jorj Stivens va Kongress kutubxonasi eksperti Karla Heyden

Texnik mutaxassislar azot kislotasi buzilgan lentalarni boshqa polyester lentaga ko’chiradi. Agar jarayon to’g’ri olib borilsa, bu lenta yuzlab yil sifatli turadi.

Raqamli texnologiyaga ham ko’chiriladi. Morgan Friman fikricha, omma uchun shu muhim.

“Bu nusxalar nafaqat arxivda, balki turli telekanallar va kompaniyalar iznida ham. Kino bu kino. Uni tomosha qilish kerak. Hozir odamlar kino teatrga kam boradi. Bizning yoshligimizda ularsiz hayot hayot emas edi. Bugun kinolar odamlarning xonadoniga, qo’liga boradi”.

Kino arxiv mutaxassisi Jorj Villeman

Lekin Jorj Villemen nazarida raqamli texnologiya bilan ish bitmaydi.

“Raqamli texnologiya abadiy emas va uni hamisha yangi nusxaga ko’chirib turish kerak. Biror manba uzoqqa bormaydi. Ularni o’zingiz bilmagan holda buzib qo’yishingiz mumkin. Texnologiya hamma narsaning kaliti emas. Nazarimda insoniyat unga haddan tashqari ishonib yuborayapti”.

Lentadami yoki raqamli texnologiya, film qudrati cheksiz va o’lmas, deydi kinoshunos Lesli Linka Glatter.

“Filmlar bizning tariximizning ajralmas qismi. Ularni ayamasak, o’tmishning katta bir bo’lagini yo’qotamiz. Kimdir asrayapti deb o’ylamang. Biz ularni saqlashimiz kerak, Amerika Film instituti”.