2001-yilda Angliyada siyosiy boshpana olgan Aziz Iso Elkun ismli rejissor uyg’urlar taqdiri haqida qisqa metrajli film suratga oldi. “Javobsiz qolgan qo’ng’iroq” kartinasi uning hayotiga asoslangan bo’lib, bosh rolni rejissorning o’zi ijro etadi.
London ko’chalarini kichik qizi bilan kezayotgan ijodkor filmda unga qushlar va ularning erkinligi haqida hikoya qiladi. So’ng suhbat yurtiga qaytolmay xorijda yashayotgan minglab millatdoshlari taqdiri mavzusiga buriladi.
“Qushlar daraxtlar uzra erkin uchib yuradi, chegara bilishmaydi. Agar hozir qushga aylanib qolsam edi, to’g’ri vatanimga uchib borardim”, - deydi Elkin qiziga.
Rejissor Xitoy g’arbida yashovchi oila a’zolarining taqdiridan bexabar uyg’ur muhojirlarining vatanga bo’lgan sog’inchini tomoshabinga yetkazishga harakat qiladi.
Filmning bir epizodida qizini o’qishga olib ketayotgan Elkun yo’lda Lyusi ismli fransuz ayolni uchratib qoladi. Ayol video chat orqali 80 yoshga to’lgan onasi bilan suhbatlashayotgan bo’ladi.
“Onangiz bilan gaplashish imkoningiz bor ekan. Qanday yaxshi! Havasim kelyapti”, - deydi Elkin Lyusiga.
Elkun “Amerika Ovozi” bilan suhbat chog’ida otasi 2017-yilda vafot etganini, 76 yashar onasi bilan esa so’nggi bor 2018-yil boshida gaplashganini va o’shandan beri aloqa yo’qligini aytib, onasining taqdiridan bexabar ekanini ma’lum qiladi.
“Otamning sog’lig’i yomonlashganidan so’ng Xitoyning Londondagi elchixonasiga viza uchun murojaat qildim, ammo rad javobini oldim”, - deydi u.
Elkun uyga so’nggi bor o’tgan yil yanvarida qo’ng’iroq qilganida onasi Xitoy politsiyasi unga xalqaro yo’nalishlarda qo’ng’iroqlarga javob bermaslikni buyurishganini, aks holda oqibati yomon bo’lishini aytishganini xabar qiladi.
“Bir haftadan keyin onamga telefon qilsam, hech kim javob bermadi. Tushkunlikka tushib qoldim”, - deydi u.
Ana o’sha voqea uning hozirgi filmni yaratishiga turtki bo’ladi.
Elkun 2001-yildan beri Londonda yashaydi, britan fuqaroligini olgan, ikki farzandi bor. U London universitetida tadqiqotchi bo’lib ishlaydi.
“Javobsiz qolgan qo’ng’iroq” kartinasining premyerasi iyun oyida Vashingtonda bo’lib o’tdi.
“Film orqali uyg’urlarning taqdiridan bexabar odamlarga bu xalq kechinmalari haqida ma’lumot bermoqchi bo’ldim. Xorijdagi uyg’ur jamoalari Xitoyda qolgan yaqinlari haqida ma’lumot ololmay xunob. Ba’zilari oila a’zolari bilan yillab xabarlashmagan”, - deydi Elkun.
Ayrim xabarlarga ko’ra, Xitoy hukumati millionlab uyg’urlar, o’zbeklar, qozoqlar va Shinjondagi boshqa musulmon xalqlar vakillarini qayta tarbiya lagerlarida ularning xohishiga qarshi ushlab turibdi.
Pekin bu joylarni ilm-hunar ta’lim markazlari deb, ulardan asosiy maqsad odamlarni qayta tarbiyalash, ekstremizm va terrorizm g’oyalaridan qaytarish va uzoq tutish ekanini aytadi.
Shu hafta 22 davlatning BMTdagi elchilari Jenevadagi Inson huquqlari kengashiga maktub yo’llab, Xitoyning g’arbdagi Shinjon viloyatida uyg’ur va boshqa musulmon elatlarga qarshi muomalasini qoralagan.
Murojaatnomani imzolagan elchilar, asosan, Yevropa davlatlari, Avstraliya, Kanada, Yaponiya va Yangi Zelandiya vakillari, AQSh elchisi hujjatga qo’l qo’ymagan.
Diplomatlarning xavotir bilan tilga olishicha, Xitoy hukumati Shinjondagi uyg’urlar va ozchilikdagi boshqa elatlarni sababsiz qamamoqda, ularning ketiga tushgan, harakatlanishini keskin cheklagan.
Aziz Iso Elkun ishlagan film yakunida uning qizi o’qituvchisi va sinfdoshlariga asl vatani Sharqiy Turkiston ekanini, ayni paytda mustaqil emasligini aytadi.