AQSh Federal qidiruv byurosiga ko’ra, Florida shtatining Pensakola shahrida joylashgan Harbiy-dengiz bazasidagi aviatsiya maktabida ta’lim olayotgan 21 yashar saudiyalik harbiy o’t ochib, uch kishini o’ldirgan. FBR voqea sabablarini o’rganarkan, otishmani terror xuruji sifatida ko’rmoqda. Saudiya Arabistoni hukumati FBRga bu ishda yordam qilishga va’da berdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Saudiyalik ofitser Muhammad Alshamraniy uch talabani o’ldirib, sakkiz kishini yaralagan. Voqea o’tgan juma sodir bo’lgan. Rasmiylarga ko’ra, qurbonlar unga qarshilik ko’rsatmoqchi bo’lgan va shu bilan ko’plab boshqa insonlar hayotlarini saqlab qolgan.
“Qotillik sabablari va qotilning bundan oldingi faoliyatiga doir ko’plab xabarlar tarqalgan. Biz taftishni sinchkovlik bilan olib boryapmiz, sabr qilishingizni so’raymiz”, - dedi FBR maxsus agenti Reychel Rojas muxbirlarga.
Tergovchilar Muhammad Alshamraniy yolg’iz harakat qilganmi yoki terror xurujini uyushtirishda sheriklari bo’lganmi, shuni aniqlamoqchi.
“Har bir otishma holatida bo’lgani kabi voqeani terror xuruji sifatida tekshirishni boshlaymiz. Bu esa bizga qo’shimcha ehtimoliy tahdidlarni bartaraf etishga yordam beruvchi usullarni qo’llashga imkon beradi”, - deydi Rojas.
AQSh Prezidenti Donald Trampning aytishicha, saudiya qiroli Salmon unga qo’ng’iroq qilib, hamdardlik bildirgan.
“Qirol saudiya xalqi bu odamning vahshiy harakatidan junbushga kelganini, uning qilmishi xalq kayfiyatini aks ettirmasligini bildirdi”, - dedi Tramp.
Otishma paytida Alshamraniyning o’zi ham nobud bo’lgan. Xabarlarga ko’ra, bundan bir necha kun oldin u ziyofat berib, odamlarning ommaviy o’ldirilishi aks etgan videolarni namoyish etgan. Alshamraniyning yaqinda Nyu-Yorkka borib kelgani ham aytilmoqda.
Otishma munosabati bilan hozircha hech kim hibsga olinmagan, biroq qotilni tanigan saudiyalik boshqa harbiy talabalarning bazadan chiqishi cheklanib, ular tergovga jalb qilingan.
O’tgan hafta Gavayi shtatidagi harbiy-dengiz bazasida ham otishma yuz berib, bir harbiy uch kishini otgan. Ikkisi jon bergan, qotilning o’zi esa joniga qasd qilgan.
Mudofaa vaziri Mark Esper vazirlikning xavfsizlik va tekshiruv siyosatini qayta ko’rib chiqishni buyurdi.