AQShda Floyd xotirasiga marosimlar

  • Amerika Ovozi

Vashingtonda Kapitoliy binosida Kongress Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi va Senatdagi demokrat qonunchilar cho’kkalagan holda salkam 9 daqiqalik sukut saqlab, deyarli 9 daqiqa davomida oq tanli politsiyachining tizzasi ostida nafasi qisilib o’lgan qora tanli Jorj Floydni xotirlashdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 9-iyun, 2020-yil

Mamlakat bo’ylab politsiya zo’ravonligi va irqiy adolatsizlikka qarshi namoyishlar davom etmoqda.

AQSh Milliy futbol ligasi komissari Rojer Gudelning aytishicha, sportchilar oldin ham irqiy tengsizlik haqida bong urgan, biroq liga ularga quloq solmagan.

“Milliy futbol ligasi qora tanlilar hayoti muhim ekanini tan oladi. Men ham sizlar bilan birga norozilik bildirib, mamlakat uchun o’ta zarur bo’lgan o’zgarishlarda ishtirok etmoqchiman. Qora tanli o’yinchilarsiz Milliy futbol ligasining o’zi bo’lmasdi. Mamlakat bo’ylab bo’layotgan namoyishlar qora tanli sportchilar, murabbiylar, muxlislar va xodimlarning asrlar davomidagi sukuti, tengsizligi va jabrini aks ettirmoqda”, - deydi Gudel.

Shanba kuni Floydning sevgan ayoli va boshqalar Minneapolisdagi istirohat bog’ida to’planib, Floyd va politsiya qo’lidan o’lgan boshqa odamlarni sharaflash uchun havoga sharlar uchirishdi.

“Floyd hozir biz bilan. U bizni sevadi. Qaysi dinga mansub bo’lishingizdan, qanday ibodat qilishingizdan qat’i nazar, men kabi Yaratganga shukur qilishingizni xohlayman, chunki u bizga Floydni bergan”, - dedi Kortni Ross.

Floydning tilladan yasalgan tobutini ko’rish uchun uning Shimoliy Karolinadagi ona shahriga borib, soatlab navbatda turgan odamlar ham xotira marosimida qatnashdi.

Xotira marosimining eng so’nggisi Texas shatining Xyuston shahrida bo’lib o’tdi. Floyd Xyustondagi Xotira bog’i qabristonida onasining qabri yoniga dafn etiladi.

Bu o’rtada Minneapolis sudi Jorj Floydning o’limida ayblanayotgan sobiq politsiyachi Derek Shovinga sudgacha ozod bo’lish uchun bir million dollar garov puli belgilagan.

44 yashar Shovin shtatning qattiq himoyalangan qamoqxonasida saqlanmoqda. Suddagi 11 daqiqalik tinglovda qamoqxonadan turib video orqali qatnashgan ayblanuvchi niqobda ko’ringan. Shovin ikkinchi darajali qotillikda ayblanmoqda.

Sudning keyingi majlisi 29-iyunga belgilangan. Shovin tizzasini Floydning tomog’iga tirab turgan paytda atrofida turgan uch politsiyachi ham ishdan haydalib, sudga tortilmoqda.

Mamlakatda ba’zilar politsiya faoliyati uchun ajratilayotgan pulni qisqartirishga chaqirarkan, Prezident Donald Tramp bunga qarshi ekanini bildirdi. Minneapolis rasmiylari shahar politsiya boshqarmasini tarqatib yuborishini ma’lum qildi.

"Politsiya tarqatilishiga yo’l qo’ymayman”, - dedi Tramp Oq uyda huquq-tartibot idoralari rahbarlari bilan uchrashuv paytida.

Demokrat qonunchilar ishlayotgan yangi qonun loyihasiga ko’ra, politsiyachilar uchun huquqiy himoya cheklanadi, haddan ziyod kuch ishlatgan posbonlar maxsus milliy ro’yxatga tushadi, politsiyachilarga odamning bo’g’zidan ushlash man qilinadi.

Trampning aytishicha, ba’zan xunuk ishlar bo’lib turadi, biroq 99 foiz hollarda politsiyachilar ajoyib insonlar.

Bu ortada Shimoliy Karolina shtatining Kari shahrida politsiyachilar cho’kkalab shanba kungi ibodatdan so’ng qora tanli ruhoniylar oyoqlarini yuvgan.

Nasroniylikda bir kishining oyog’ini yuvish kamtarlik nishonasi deb ko’riladi.

Jorj Floydning o’limi ketidan AQShdagi ba’zi politsiyachilar o’zlarini qora tanli aholi oldida aybdor his qilmoqda.