2010-yil Markaziy Osiyoda qanday siyosiy voqealar bilan yodda qolgani haqida o'tgan dasturlarimizda ma'lumot bergan edik. 2011-yilda mintaqani qanday jarayonlar kutyapti? Moskvalik siyosiy tahlilchi Sanobar Shermatova nazarida bu mavhumliklar yili bo'ladi. "Gapirsak gap ko'p, ammo aniq bashorat qilish mumkin emas", deydi mutaxassis.
Bashoratni noshukur ish deyishadi. Chunki ko'p hollarda xatoga yo'l qo'yish va shu bilan ezgu umidlar puchga chiqishi mumkin. Markaziy Osiyoga kelganda bashorat qilish osondek tuyuladi. O'sha-o'sha rahbarlar, eski sistema, yechimini yillab kutayotgan masalalar. Ammo, deydi mintaqa bo'yicha mutaxassis Sanobar Shermatova, 2011-yil bu borada o'zgacha davrdir.
Qo'shma Shtatlar Afg'onistondan 2014-yil oxirigacha qo'shinlarini olib chiqishni rejalar ekan, tahlilchi bu qarorning Markaziy Osiyoga ta'siri mavhum, deydi.
"Buning yaxshi, yomonligi hozircha noma'lum. Ko'p narsa AQSh stategiyasiga bog'liq. Afg'onistonda Amerikaning qanchadir kuchlari qoladimi yo'qmi, bazalar bo'ladimi, mamlakatdagi siyosiy ahvol, prezident Karzay toliblar bilan kelisha oladimi, afg'on kuchlarining chegara xavfsizligini ta'minlash salohiyati, kelishmovchiliklar sabab bo'lingan Shimoliy Alyans taqdiri - bularning barchasi muhim omillar", - deydi Sanobar Shermatova.
Uning aytishicha, bundanda muhimroq geostrategik omil ham bor. Afg'onistonda bir necha davlatlar manfaatlari to'qnashgan, deydi tahlilchi.
"Afg'oniston va Pokistonda ko'p sonli pashtu qabilalari yashagani uchun Pokiston ularning birlashib, umumiy davlat tuzishiga yo'l qo'ymaslikni asosiy maqsad qilgan. Afg'on siyosatiga Pokiston ta'sirining kuchayishidan xavotirga tushgan raqib Hindiston buning oldini olish maqsadida Afg'onistonda turli sohalarda aktiv faoliyat olib bormoqda".
Mutaxassisning aytishicha, 2001-yildan beri bu mamlakatda xavfsizlik bilan shug'ullanayotgan Qo'shma Shtatlarning ham, tabiiyki, o'z manfaatlari bor.
"Eronni ham hisobdan chiqarmaslik kerak. AQSh kuchlarining chegaradosh davlatda joylashuvi undan xushyor bo'lishni talab qiladi. Narkotiklar savdosi yana bir masala. Katta pul aralashgan joyda mojaro bo'lishi tabiiy. Qachonki bu davlatlar Afg'onistonni o'z holiga qo'ysa va ichki kuchlar murosaga kelishsagina, mamlakatda tinchlik qaror topadi, ammo qachon - bunisi noma'lum", - deydi mutaxassis.
Sanobar Shermatova O'zbekiston va Tojikiston o'rtasidagi aloqalar kelajagini Rog'un gidroelektrostansiyasi qurilishiga bog'laydi. Qishloq xo'jaligida suvga qattiq ehtiyoj sezayotgan O'zbekiston qo'shni davlatni bu rejadan qaytishga undab keladi. GES qurilishi orqali elektr quvvatiga bo'lgan ehtiyojlarini qondirishga hamda Afg'oniston va Pokistonga pullashga intilayotgan Tojikiston esa qarorida qat'iy.
"Tomonlar kelisha olmasa, joriy yilda ziddiyatlar kuchayaveradi. Bundan o'zbekistonlik tojiklardan ko'ra asosan Tojikistonda yashayotgan o'zbeklar jabr ko'rishi mumkin. Chunki so'nggi paytlarda respublikada hukumat tashabbusi bilan dushman qiyofasi yaratilmoqda. Bu juda ham xavfli hol, salbiy oqibatlarga yetaklashi mumkin", - deydi Sanobar Shermatova.
Uning aytishicha, O'zbekiston milliy masalalarga ehtiyotkorlik bilan yondashadi. Matbuotda hech bir etnik guruh, hech bir millat ajratilmaydi. Tahlilchi o'tgan yil yozida Qirg'iziston janubida sodir bo'lgan voqealarni misol tariqasida keltiradi. O'zbekiston matbuoti tinchlikni nazarda tutib zo'ravonliklar haqida lom-lim demagan, deydi u. Qirg'izistonda esa aksincha millatchilik ruhi va kayfiyatdagi maqola va ko'rsatuvlar mojaroga zamin hozirlagan. Qirg'izistonda Yangi yildan oldin yangi hukumat tuzilganiga qaramay, deydi Sanobar Shermatova, uning kelajagi haqida aniq bashorat qilib bo'lmaydi.
"Yangi hukumat mamlakat boshqaruvini qo'lga olib, tartib o'rnata oladimi yoki ba'zilar taxmin qilganidek, oldingi hukumatlarga o'xshab qulatiladimi, hukumat tarkibi o'zgaradimi yoki parlament saylovlari yangidan o'tkaziladimi, prezident saylovlariga tayyorgarlik qanday kechadi, iyun oyidagi zo'ravonliklarni taftish qilgan komissiya xulosalari qanday bo'ladi, iqtisodiy ahvol yaxshilanadimi, yo'qmi, ko'p narsa shunga bog'liq. Qirg'izistonda davlatchilik asoslari tiklanmasa, respublika bo'linib ketishi mumkin".
Sanobar Shermatova Qozog'istonning 2010-yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilganini muhim va ijobiy hol desa-da, respublika bir yil ichida demokratiya tomon qadam bosmaganini afsus bilan tilga oladi.
"Yevropa tashkilotiga raislik tugashi bilan ayrim qonunchilar 2012-yilga belgilangan prezident saylovlarini qoldirib, Nursulton Nazarboyev vakolatini 2020-yilgacha uzaytirish tashabbusi bilan chiqqanining o'zi demokratik o'sish bo'lmaganidan nishonadir".
Uning aytishicha, joriy yilda O'zbekiston va Turkmanistonda jiddiy o'zgarishlar bo'lmaydi. Rossiyaning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati ham o'zgarishsiz qoladi. Rossiya kompaniyalari mintaqada biznes qilishni istaydi, ammo buning uchun muhit yo'qligi, xususan, O'zbekistonda ularni bozorni tashlab chiqishga majbur qilmoqda, deydi Sanobar Shermatova.
Tahlilchi nazarida mintaqa davlatlari hamkorlik va integratsiyani kuchaytirmas ekan, o'zaro munosabatlar va iqtisodiy ahvol hali-beri yaxshilanmaydi.
Rossiyalik tahlilchi nazarida O'zbekiston-Tojikiston munosabatlari, Afg'onistondagi vaziyat, Qirg'izistondagi siyosiy jarayonlarni bashorat qilib bo'lmaydi.