AQSh Senatida tashqi yordamga doir qonun loyihasi qabul qilindi

  • Amerika Ovozi

Seshanba kuni AQSh Senati Ukraina, Isroil va Tayvanga xavfsizlik bobida yordamni o’z ichiga olgan qonun loyihasini ma’qulladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 14-fevral, 2024-yil

95 milliard dollarlik yordam paketiga Ukraina uchun 60 milliard, Isroil uchun 14 milliard, Tinch okeani mintaqasida Xitoy tahdidi bilan yuzlashayotgan mamlakatlar, jumladan Tayvanga yana bir necha milliard dollar ajratish ko’zda tutilgan.

Prezident Jo Bayden Vakillar palatasidagi respublikachi qonunchilarni ham loyihani qabul qilishga chaqirdi.

“Spikerni palatadagi o’ta konservativ a’zolarga ushbu qonun loyihasiga to’siq qo’yishiga imkon bermaslikka chaqiraman”, - dedi u.

Quyi palata raisi Mayk Jonson AQSh immigratsiya tizimi isloh etilmaguncha Senatda qabul qilingan qonun loyihasini hatto ovozga qo’ymoqchi emas. O’tgan hafta sobiq prezident Donald Tramp partiyadosh qonunchilaridan Ukrainaga qo’shimcha yordam bermaslikni so’ragan.

“Ukrainaga 200 milliard dollardan oshiq pul sarflab bo’ldik. Qo’shimcha pulni berdik ham deylik. Ular keyingi uch haftada Rossiya bilan kelishib olib, biz bilan ortiq ish qilmasligi mumkin”, - dedi Tramp.

Demokratlar Ukrainaga yordam ajratilishi tarafdori, biroq respublikachilarning bir qismi oyog’ini tirab olgan, pulni ichki xavfsizlik uchun sarflashni talab qilmoqda.

"Agar Oq uy ma’muriyati Ukraina chegarasi xavfsizligi uchun yana 60 milliard dollar ajratilishini so’rayotgan bo’lsa, balki ma’muriyatni o’z chegaramizni muhofaza qilishga undab ko’rarmiz”, - dedi respublikachi senator Ron Jonson.

Seshanba kungi ovoz berishda qonun loyihasini demokratlardan tashqari 22 ta respubllikachi ham qo’llab-quvvatladi. Ular Ukraina xavfsizligini AQSh milliy xavfsizligiga bog’lamoqda.

"Ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz erkin dunyo yetakchisi bo’lmish va muhim bo’lgan mamlakatimizda yordamni davom ettirishga qat’iyat bor deya umid qilmoqda. Dushmanlarimiz esa buning aksiga umid qilyapti”, - deydi hujjatga ovoz bergan respublikachi senator Mitch Makkonel.

AQSh oxirgi marta Ukrainaga yordamni 27-dekabr kuni uzatgan. Yangi yordam paketining kechikayotgani Rossiyani jasoratlantirmoqda, deydi vashingtonlik bir tahlilchi.

“Putin uchun bu g’alabadir. Bu bilan Rossiya o’zini g’alaba qozonayotgandek his qilmoqda. Ukraina esa turib qolgandek ko’rinmoqda”, - deydi Amerika katolik universitetida professor Maykl Kimmaj.

Quyi palata qonunchilari yana uch kundan so’ng mart boshigacha qisqa ta’tilga chiqadi.

AQSh ichki xavfsizlik vaziriga Vakillar palatasida impichment e'lon qilindi

Seshanba kuni ular ham bo’sh o’tirmadi. Respublikachilar nazoratidagi Vakillar palatasi Bayden vazirlar mahkamasining a’zosi, AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkasni impichment qilishga ovoz berdi. 214 qonunchi chorani ma’qulladi, 213 nafari unga qarshi chiqdi.

Respublikachilar Mayorkasni AQSh immigratsiya qonunlarini joriy etmayotganlikda ayblashmoqda. Natijada, deydi ular, Meksika tarafidan minglab noqonuniy muhojir AQShga to’siqsiz kirmoqda. Vazir Kongressga yolg’on ma’lumot berganlikda ham aybdor topildi.

Respublikachilar Mayorkasga o’tgan hafta impichment e’lon qilmoqchi edi, biroq qonunchi partiyadoshlaridan biri saratondan muolaja olayotgani bois ovoz berishda qatnashmagan va hujjat qabul qilinmadi.

Masala endi Senatga oshiriladi, biroq yuqori palatada demokratlar ko’pchilikni tashkil etadi va shu sabab Mayorkas lavozimidan olinishi amri mahol.

Ichki xavfsizlik vaziri nazarida, chegaradagi vaziyatda uning aybi yo’q, muammo immigratsiya tizimini isloh qilishga harakat qilmayotgan Kongressda.