AQShda koronavirus pandemiyasi sabab oliy o’quv yurtlari yopilgan. Agar oliygohlar kuzda ochilib, o’qish faqat onlayn shaklga o’tsa, yuz minglab xorijiy talaba mamlakatni tark etishga majbur bo’ladi.
AQSh Bojxona va immigratsiya xizmatining bildirishicha, ushbu qoida Amerikaga F-1 va M-1 vizalari bilan kirgan talabalarga taalluqlidir. Qoidaga bo’ysunmaganlar deportatsiya qilinadi.
Pandemiyagacha Ogayo shtatidagi kollejda o’qigan 21 yashar venesuelalik Raul Romeroga o’qishdan qo’ng’iroq qilishib, kuzda darslar sinfda o’tishini ma’lum qilishdi. Biroq agar kollej joylashgan shaharda ahvol yomonlashib, oliygoh onlayn rejimiga o’tsa, Raul AQShni tark etishiga to’g’ri keladi. Bunday yangilikdan xabar topgan talaba tushkunlikka tushib qoldi.
“Hozir qaytib keta olmayman. AQSh va Venesuela o’rtasida aviaqatnov to’xtagan. Agar qaytib ketsam, o’qishimni Venesueladan davom ettira olmayman, chunki elektr quvvati doim o’chib turadi, internet bir maromda ishlamaydi, mamlakatda iqtisodiy ahvol yaxshimas, ya’ni ham o’qib, ham ishlolmayman. Bunday sharoitda kursdoshlarimdan ancha ortda qolib ketaman”, - deydi u.
Bagama orollaridan kelib ta’lim olayotgan 25 yashar Olufemi Olurin Kentuki universitetida bir yil ta’lim oldi, ammo endi o’qishini tugata olmasligi mumkin.
“Bu mamlakatda anchadan beri yashayman. Doim “hamma qonunlarga amal qil, shunda muammo bo’lmaydi” degan gaplarni eshitaman. Ba’zilar noqonuniy migratsiyaga qarshi ekanini aytadi, ammo nazarimda, odamlarga umuman xorijliklar yoqmaydi. Men Amerikaga qonuniy kirganman, ro’yxatdan o’tganman, soliqlarni to’lab turaman. 11 yildan beri yashayman. Ota-onasining aytganini qiladigan, ammo baribir jazoga tortiladigan boladek his qilyapman o’zimni. Juda xafaman”, - deydi Olurin.
Pandemiya ketidan Tramp ma’muriyati migrantlarga nisbatan qator cheklovlar joriy etdi. Iyun oyida xorijliklarga ishchi vizalarini berish to’xtatildi. Oq uy chet el mutaxassislari pandemiya paytida ishsiz qolgan amerikaliklarning ishini olib qo’yadi deya tushuntirmoqda. Meksika chegarasida siyosiy boshpana uchun arizalarni ko’rib chiqish ham noma’lum muddatga to’xtatildi.