AQSh o’tgan yil fevral oyida Afg’onistonning Tolibon harakati bilan bitim imzolab, qo’shinlarini bu mamlakatdan joriy yil mayigacha olib chiqish majburiyatini olgan edi. Biroq NATOning to’rt nafar rasmiysiga ko’ra, xalqaro qo’shinlar maydan keyin ham Afg’onistonni tark etmaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
Ayni damda Afg’onistonda xalqaro koalitsiyaning 10 ming qo’shini bor. Tolibon ularning barchasi mamlakatdan chiqishi kerak deb shart qo’ygan edi. Biroq NATO rasmiylariga ko’ra, buning uchun Afg’onistonda sharoit mavjud emas.
Kobuldagi markaziy hukumat va bir necha mamlakat Tolibonni bergan va’dalarining ustidan chiqmayotganlikda, zo’ravonliklarga barham bermayotganlikda, al-Qoida jangari to’dasi bilan aloqani hamon uzmaganlikda ayblamoqda.
Eron poytaxti Tehrondagi matbuot anjumanida qatnashgan Tolibon vakillari bu da’volarni rad etdi.
"AQSh va Kobuldagi hukumat bizga hujum qilmaslikka so’z bergan edi, ammo bunday bo’lmadi. Biz o’z hududlarimizni mudofaa qilishga majburmiz. Hukumat rayonlarimizni tortib olmoqchi bo’ldi, tunda ham hujum qilishmoqda. Biz shunchaki ularning hujumiga javob berishga majburmiz. Afsuski, matbuot bizning nazoratimizda emas. Zo’ravonliklarda bizni ayblashmoqda, ammo bu haqiqatdan yiroq”, - dedi Tolibonning siyosiy idorasi vakili Suhayl Shahin.
O’tgan yakshanba kuni Tolibon siyosiy rahbari Mulla Abdul G’ani Birodar Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif bilan uchrashdi. Tehron toliblar va afg’on hukumati o’rtasidagi muloqotda vositachilik yordamini taklif etmoqda.
AQShda siyosiy rahbariyat o‘zgarishi ketidan Afg’onistonga doir siyosat ham o’zgarishi mumkin. Prezident Bayden o’tgan yili Tolibon bilan imzolangan sulh bitimini qayta ko’rib chiqishni buyurgan. Buning natijasida yanvar boshida 2500 nafarga tushgan AQSh harbiylari mamlakatda uzoqroq qolishi ham mumkin.
Xorijiy qo’shinlarning Afg’onistonni belgilangan muddatda tark etmasligi Tolibon noroziligiga uchrab, Qatarda Afg’oniston hukumati bilan kechayotgan muzokaralarning to’xtashiga, zo’ravonliklarning esa kuchayishiga olib kelishi mumkin.
Oddiy afg’onlar Bayden ma’muriyatiga umid bilan qaramoqda.
“AQShning yangi prezidentiga iltimosim shuki, agar ular o’z askarlarini Afg’onistondan olib chiqmoqchi bo’lsa, qarshiligimiz yo’q, ammo Amerika va xalqaro hamjamiyat Afg’onistonga yordam berishda davom etsin, chunki mamlakatimiz iqtisodiy inqirozga yuz tutgan”, - deydi Abdul Ahad Ahmadiy ismli kobulliklardan biri.