Tramp tashqi yordam dasturlarini kamaytirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Prezident Donald Tramp kelasi yil byujetida diplomatiya va tashqi yordam uchun mablag’ni kamaytirishni taklif etmoqda. Qonunchilar Davlat kotibi Mayk Pompeoni Kongressga chaqirib, bu masala yuzasidan uni savolga tutdi.

Prezident Tramp Davlat departamenti byudjeti va tashqi yordam dasturlarini 11 milliard dollarga kamaytirishni taklif qilmoqda. Agar tasdiqlansa, 2020-yilgi byudjetda qochqinlarni ko’chirish va global sog’liqni saqlash programmalari uchun mablag’ kamayadi.

Vakillar palatasi tashqi aloqalar qo’mitasining demokrat va respublikachi a’zolari qisqartirishlarga qarshi. Demak, Kongress buni tasdiqlamasligi mumkin.

Qo’mita rahbari Eliot Engelning aytishicha, Tramp tashqi siyosati dunyo ishlaridan uzilish yo’lidan bormoqda.

“AQSh yetakchiligiga ehtiyoj eng katta bo’lgan joylardan uzilish bu. Xitoy, Rossiya va Eron kabi bizning qadriyatlardan uzoq davlatlar o’rnimizni to’ldirishga tayyor”, - deydi kongressmen.

Trampning partiyadoshi Maykl Makkol ham shu fikrda.

“Byudjetni kesish uzoq muddatda o’zimizga qimmatga tushadi. Terrorizm va ekstremizm xavfi bor hududlarda barqarorlikni ta’minlashda, demokratiya va iqtisodiy o’sishni rag’batlantirishda gumanitar va taraqqiyot dasturlari o’ta muhim”, - deydi qonunchi.

Xitoy va Rossiyadan kelayotgan tahdidlarni tushunaman, deydi Davlat kotibi Mayk Pompeo, lekin unga ko’ra, hukumat soliq to’lovchilarning pulini tejash haqida ham o’ylashi kerak.

“Hozirgi yangicha raqobat davrida Xitoy va Rossiya ustunlikni qo’lga kiritishiga yo’l qo’ymaymiz. Shimoliy Koreya yadroviy qurollaridan voz kechishi uchun harakatni davom ettiramiz. Venesuela xalqi demokratiyani tiklashga intilar ekan, ularni qo’llab-quvvatlaymiz”, - deydi davlat kotibi.

Pompeoga ko’ra, Venesuelada Nikolas Maduro hokimiyatdan ketsa, yangi muvaqqat hukumat qanot yozishi uchun AQSh 500 million dollargacha yordam berishga tayyor bo’ladi.