Bo'lginchilikka qarshi qonun loyihasi Fransiya musulmonlarini xavotirga solmoqda

  • Amerika Ovozi

Fransiyada 2015-yilda “Sharli Ebdo” satira jurnali va yahudiylar do’koniga hujum qilgan islomiy jangarilarga aloqador odamlar ustidan sud jarayoni o’tayotgan bir paytda hukumat bo’lginchilikka qarshi qonun loyihasini e’lon qilishi kutilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 25-sentabr, 2020-yil

Hujjat tafsilotlari hozircha ma’lum emas, biroq xabarlarga ko’ra, qonun loyihasida imomlarni Fransiya masjidlariga xorijdan keltirish, xususiy diniy maktablar uchun tashqaridan pul olish taqiqlanadi, shubha ostiga tushgan guruhlar ustidan nazorat kuchaytiriladi.

Hukumatga ko’ra, bu chora fransuz qadriyatlari va turmush tarzi dushmanlariga qarshi qaratilgan. Oq tanli millatchi guruhlar ham ana shunday guruhlar qatoriga qo’shiladi, deydi rasmiylar.

“Musulmon birodarlar” diniy harakatini o’z ta’sirini G’arbga yoyayotganlikda da’vo qiluvchi kitob muallifi Aleksandr De Val yangi qonun loyihasini olqishlamoqda.

“G’arbcha fransuz respublikasi va dunyoviy qadriyatlarga qarshi chiqayotgan har qanday tashkilotni man qilish kerak. Radikal islomiy tashkilotlar orasida eng qattiq mutaassiblashgani “Musulmon birodarlar”dir”, - deydi adib.

Hukumat rasmiylari islom dinini mo’tadil talqin qilayotganlar nishonga olinmasligini aytadi.

Yaqinda o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijasiga ko’ra, fransuzlarning aksariyati bo’lginchilik haqidagi qonun loyihasini qo’llab-quvvatlamoqda.

Fransiyalik ayrim musulmon yetakchilar qonun noto’g’ri talqin qilinishidan xavotirda.

“Zo’ravonlik muayyan bir guruhdan chiqmaydi, terrorizmga muayyan bir guruh qo’l urmaydi. Bir a’zosining terror xurujlari tufayli butun boshli jamoani tamg’alash to’g’ri emas”, - deydi Fransiyada islamofobiyaga qarshi tashkilot direktori Javad Bahor.

Uning aytishicha, so’nggi yillarda mamlakatda musulmonlarga qarshi qonunlar ko’paydi, jamiyatda musulmonlarga nisbatan murosasizlik kuchaygan.

Biroq ayrim kuzatuvchilar fikricha, Prezident Emmanuel Makron va uning sentrist “Olg’a, Respublika!” partiyasi 2022-yilda bo’ladigan saylovlardan oldin o’ngga siljimoqda.

Asosiy muxolif partiya, ultramillatchi “Milliy front” Makronni ekstremizmga qarshi yumshoq siyosatda ayblarkan, etnik jamoalarni asosiy oqimdan tashqarida faoliyat yuritishga rag’batlantirayotgan har qanday tizimga barham berishga chaqirib keladi.

“Kommunitarizm” va separatizmga qarshi ayovsiz kurashish kerak. Siyosatni tubdan o’zgartirish zarur. Migratsiya siyosatini qayta ko’rib chiqib, salafiy masjidlarni yopish, shubha ostidagi guruhlarga moliyani to’xtatish lozim. Buni amalga oshirishda mavjud choralardan birortasi ishga solingani yo’q”, - deydi partiya soz’lovchisi Sebastyan Shenu.

Mamlakatdagi musulmonlar yangi qonun loyihasini xavotir va qo’rquv bilan qarshilamoqda.