Fransiya senatorlarining dunyoviy qadriyatlarni kuchaytirish maqsadida bo’lginchilikka qarshi qonunga taklif etayotgan tuzatishlari orasida 18 yoshgacha bo’lgan musulmonlarga hijob kiyishni taqiqlovchi chora ham bor. Fransiyallik musulmon qizlar bu tashabbusga qarshi ekan, “hijobdan qo’lingni tort” degan xeshteg bilan internetda norozilik aksiyasini boshlagan.
Your browser doesn’t support HTML5
"Bu o’zligimning bir qismi. Undan voz kechishga meni majburlash kamsitish bilan tengdir”, - deydi Maryam Sho’rak ismli 16 yashar musulmon qiz.
Diniy ramzlar, liboslar va amaliyotlarning jamoat joylarida namoyish etilishiga qarshi harakat Yevropaning eng ko’p musulmonlar yashovchi bu mamlakatida ko’pdan beri mavjud.
2004-yildan beri davlat maktablarida hijob kiyish man qilinadi. 2010-yilda esa ko’cha, bog’lar, shahar transporti va davlat idoralari kabi jamoat joylarida paranjiga o’xshash niqobda yurish ham cheklandi.
Ayni paytda muhokama etilayotgan qonunga tuzatish barcha diniy ramzlarni o’z ichiga olsa-da, musulmonlar hujjat, asosan, ularga qarshi qaratilganini aytadi.
"Ota-onalar farzandlarini aqidaparastlikka majburlamasligi kerak”, - deydi senator Kristian Bilak.
Tashabbusga qarshi musulmon qizlar targ’ib qilayotgan aksiyaga 200 dan ortiq odam qo’shilgan.
"Siyosatchilar bizni ozod etmoqchi, o’zlari o’ylab topgan zulmdan bizni qutqarmoqchi, ammo aslida shunday harakatlari bilan ular bizga zulm qilyapti”, - deydi Strasburg shahrida yashovchi 25 yashar tibbiyot talabasi Mona Mashuli.
“Hijobdan qo’lingni tort” aksiyasi xalqaro sahnada ko’zga tashlandi. AQSh Kongressidagi musulmon qonunchi Ilhan Umar hamda Olimpiya musobaqalarida hijob kiygan ilk sportchi Ibtihaj Muhammad uni qo’llab-quvvatladi. Xeshteg ijtimoiy sahifalarda o’n minglab marotaba ulashildi.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning aytishicha, islomiylik respublika birligini yemirmoqda.
Bo’lginchilikka qarshi qabul qilingan qonun majburiy nikoh, bokiralik testlari kabi amaliyotlarni man qilib, diniy uyushmalar ustidan nazoratni kuchaytirgan. Qonunning birinchi ko’rinishi balog’at yoshiga yetmagan yoshlarga jamoat joylarida hijob kiyishni man qilmaydi, biroq qonunchilar taqiqni tuzatish orqali joriy etmoqchi.
Maktab uyushtirgan ekskursiyalar paytida o’quvchilarga hamrohlik qilayotgan onalarning hijob kiyishini hamda plyajlarda badanni butunlay yopadigan burkinida yurishni ham man qilish ko’zda tutilgan.
Tuzatishlar parlamentda muhokamaga qo’yilgan.
"Tuzatish qabul qilinmaydi va hijobni jamoat joylarida bemalol kiyib yuraman degan umiddaman. Umuman bu mavzudagi munozaralar ham kelajakda to’xtab, e’tiqodimizga qanday amal qilishimiz kerakligini bizga ortiq buyurishmaydi, huquqlarimizdan mahrum qilishmaydi, e’tiqodimiz, tanlovimiz va tanamizni nazorat qilishni bas qilishadi degan umiddaman”, - deydi Maryam Sho’rak.